"O'zkimyosanoat" AJ

Oʻzbekistonda 58-Xalqaro kimyo olimpiadasiga start berildi

// 11 July 2026 yil
https://special.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/o-zbekistonda-58-xalqaro-kimyo-olimpiadasiga-start-berildi

Oʻzbekistonda Markaziy Osiyo tarixida ilk bor kimyo fani boʻyicha eng nufuzli xalqaro intellektual musobaqalardan biri — 58-Xalqaro kimyo olimpiadasining (International Chemistry Olympiad – IChO 2026) tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.



Unda "O‘zkimyosanoat" AJ vakillari ham ishtirok etdilar
.

19-iyulga qadar davom etadigan mazkur olimpiada dunyoning 90 dan ortiq mamlakatidan tashrif buyurgan eng iqtidorli maktab oʻquvchilarini bir maydonga jamladi. Ishtirokchilar olimpiada doirasida kimyo fanidan nazariy va amaliy bilimlari, tahliliy fikrlashi hamda ilmiy salohiyatini namoyon etadilar.


 

Xalqaro kimyo olimpiadasi dunyodagi eng nufuzli fan olimpiadalaridan biri boʻlib, STEM taʼlimi yoʻnalishidagi eng yirik va obroʻli xalqaro platformalardan sanaladi. Mazkur olimpiada iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ilmiy hamkorlikni mustahkamlash va kelajak olimlarini kashf etishga xizmat qiladi.

Ochilish marosimida soʻzga chiqqanlar Oʻzbekistonda ilm-fan va taʼlim sohasini rivojlantirish, yoshlarni zamonaviy bilimlar bilan qurollantirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida toʻxtaldilar.



Shuningdek, mamlakatimizda ilk bor oʻtkazilayotgan mazkur nufuzli olimpiada Oʻzbekistonning xalqaro ilmiy-taʼlim maydonidagi nufuzini yanada mustahkamlashi taʼkidlandi.


 

2025-yil Birlashgan Arab Amirliklarida boʻlib oʻtgan 57-Xalqaro kimyo olimpiadasida yurtimiz vakillari tarixiy natija qayd etib, 2 ta oltin va 2 ta kumush medalni qoʻlga kiritdi hamda 95 davlat orasida umumjamoa hisobida 6-oʻrinni egalladi.

58-Xalqaro kimyo olimpiadasining Oʻzbekistonda oʻtkazilishi mamlakatimizda ilm-fan, innovatsiyalar va iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan islohotlarning amaliy natijasi boʻlib, Oʻzbekistonning xalqaro ilmiy hamjamiyatdagi mavqeini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.