"O'zkimyosanoat" AJ

O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida kimyo sanoati mahsulotlari eksportini kengaytirishga qaratilgan kelishuv imzolandi

// 18 September 2026 yil
https://special.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/o-zbekiston-va-fransiya-o-rtasida-kimyo-sanoati-mahsulotlari

Joriy yilning 17-sentabr kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasining Fransiyadagi elchixonasi ko‘magida “O‘zkimyoimpeks” va Yevropaning “Eudaira” kompaniyalari o‘rtasida yurtimizda ishlab chiqarilgan mineral o‘g‘itlar hamda kimyo sanoati mahsulotlarini Fransiya bozoriga eksport qilish bo‘yicha kelishuv imzolandi.

Mazkur kelishuv O‘zbekiston kimyo sanoati mahsulotlarining Yevropa bozoridagi ishtirokini kengaytirish, eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xalqaro bozorlardagi mavqeini mustahkamlashga qaratilgan.

Kelishuvning muhim jihatlaridan biri — O‘zbekiston mineral o‘g‘itlari eksport geografiyasini G‘arbiy Yevropa mamlakatlari hisobiga kengaytirish.

Kelishuv doirasida 2026-yil yakuniga qadar 10 ming tonna mineral o‘g‘it eksportini amalga oshirish rejalashtirilgan. Kelgusida esa Fransiya bozoriga yetkazib berish hajmini bosqichma-bosqich oshirib, eksport ko‘rsatkichini 100 mln dollarga yetkazish bo‘yicha manzilli ishlar olib boriladi.

Mazkur kelishuv O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mineral o‘g‘itlar eksporti geografiyasini G‘arbiy Yevropa mamlakatlari hisobiga diversifikatsiya qilish, Fransiya bozorida barqaror savdo kanallarini shakllantirish hamda mahalliy kimyo sanoati mahsulotlarining eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Fransiya Yevropaning yirik iqtisodiyotlaridan biri bo‘lib, ushbu bozorga O‘zbekiston kimyo sanoati mahsulotlarining kirib borishi mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi tijoriy imkoniyatlar eshigini ochadi.