"O'zkimyosanoat" AJ

“OʻZKIMYOSANOAT” HAMDA “NAVOIYAZOT” AKSIYADORLIK JAMIYATLARINING RASMIY BAYONOTI

// 07 September 2022 yil
https://special.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/navoiyazot-bayonot-azot

Ommaviy axborot vositalarida, jumladan, Podrobno.uz veb sayti hamda Kompromatuzb va NAVOIY VIIB telegram kanallarida “Navoiyazot” AJ tomonidan Zarafshon daryosiga tashlanadigan ifloslangan suvlar tarkibida azot kislotasi miqdori tavsiya qilinganidan ortib ketganligi natijasida Zarafshon daryosida yashovchi tirik jonzotlar nobud boʻlgan”  mazmunidagi maʼlumotlar keng tarqalmoqda.

Holat yuzasidan “Oʻzkimyosanoat” hamda “Navoiyazot” AJlar quyidagilarni maʼlum qiladi.

Olingan tahlil natijalariga koʻra pH meʼyor darajasida, agar azot kislotasi mavjud boʻlganida edi ushbu koʻrsatkich meʼyordan pasaygan boʻlardi.

T/r Namuna olish joyi Namuna olish sanasi va vaqti Kimyoviy modda Meʼyor, mg/dm3 Tahlil natijalari
1 Kl 267 02.09.22y. soat 940 rN 6,5-8,5 7,95
2 Kl 267 03.09.22y. soat 1010 rN 6,5-8,5 8,0
3 Kl 267 04.09.22y. soat 900 rN 6,5-8,5 7,85

Shu bilan birga aytib oʻtish joyzki “Navoiyazot” AJ oqova suvlari ikki guruhga ajratilishi haqida koʻp bor maʼlum qilingan. Bular tarkibi zararli boʻlgan ishlab chiqarish oqova suvi (sanoat kanalizatsiyasi) hamda toza hisoblanadigan yomgʻir va  sovituvchi suv tizimlaridan tashlanadigan suvlardir (promlivnevaya kanalizatsiya).

“Navoiyazot” AJda ishlab chiqarishda hosil boʻlgan zararli oqova suvlar alohida Biokimyoviy tozalash inshootiga yuboriladi va u yerda talab darajasida ekologik tozalanib, biohavzalarga tashlanadi. Ikkinchi turdagi zararli ishlab chiqarish oqova suvlari shlam yigʻuvchi havzada yigʻilib quritiladi hamda shlamlari utilizatsiyaga yuboriladi. Mazkur ikkala jarayon ham korxonada jiddiy nazoratga olingan boʻlib, hozirgi kunda ham uzluksiz faoliyati taʼminlangan.

“Navoiyazot” AJ oʻz ish faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunlari, farmonlari hamda barcha meʼyoriy-huquqiy hujjatlaridan kelib chiqqan holda, korxonaning atrof-muhitga zararli taʼsirini kamaytirish boʻyicha muntazam ravishda tizimli va maqsadli ishlarni olib boradi. Shu bilan birga, “Navoiyazot” AJdan atmosferaga tarqaydigan chiqindilar va oqova suv chiqindilari korxonaning ekologik tahlil (sanitariya) laboratoriyasi tomonidan doimiy nazoratga olingan. Korxona joylashgan hudud ekologiyasiga taʼsirni kamaytirish maqsadida “Navoiyazot” AJda atmosfera va suv omborlariga chiqindilarning chiqarilishi, eng muhimi, ularning hosil boʻlishini kamaytirish, shuningdek, xomashyo hamda energiya resurslarini tejash maqsadida joriy yilning oʻzida 2 mlrd. soʻmdan ortiq qiymatdagi chora-tadbirlar amalga oshirilgan.

Bugungi kunda tashlanayotgan oqova suvlarning tarkibida ammoniy birikmalari avvalgi yillardagi kabi koʻrsatkichda va bu Zarafshon daryosidagi baliqlarning qirilib ketishiga sabab boʻladigan darajada emas. Chunki ammoniy birikmalari bir necha yillardan beri yuqori dinamikani tashkil qilib kelgan, lekin bu holat daryodagi baliqlarga salbiy taʼsir koʻrsatmagan.

Joriy yilning 4-sentyabr kuni Zarafshon daryosida sodir boʻlgan, baliqlarning nobud boʻlishi bilan bogʻliq voqeadan soʻng darhol korxonaning ekologik tahlil (sanitariya) laboratoriyasi tomonidan daryo suvi va oqova suvlardan namunalar olinib, laboratoriya tahlillari oʻtkazilgan boʻlib, ular quyidagi natijalarni koʻrsatdi:

Tahlil joyi Oʻlchov birligi «Navoiyazot» AJ 267-quduq Azamat posti

RN koʻrsatkichi

 

7,85 8,35

Suv qattiqligi

mgekv/dm3

17,6 15,2

Xloridlar

mg/l

230 140

Ammoniy

mg/l

4,1 2,7

Sian tuzlari

mg/l

0 0

Ishqoriyligi

mgekv/dm3

3,2 3,8

Nitratlar

mg/l

27,4 16,2

Gidrazin

mg/l

ishlatilmaydi 0,007

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, korxonaning ekologik tahlil (sanitariya) laboratoriyasi tahlillari natijalariga koʻra, “Navoiyazot” AJdan boshqa korxonalar oqova suvlari tarkibida 0,03 mg/l gidrazin moddasi borligi aniqlandi. Gidrazin moddasining baliqlar yashaydigan suv havzasiga tashlanayotgan oqova suvlar tarkibida boʻlishi taqiqlanadi.

“Navoiyazot” AJga qarashli 267-qudugʻiga tashlanadigan oqova suvlar tushadigan texnologik qurilmalarda gidrazin moddasi ishlatilmaydi.

Yana bir jihatga eʼtibor qaratish lozim. Baliq yetishtirish xoʻjaliklarida ozuqa uchun ammoniy moddalaridan foydalaniladigan baliq yetishtirishning intensiv texnologiyalari ham mavjud. Bunga misol qilib, baliq yetishtirishda ammofos oʻgʻiti ishlatilishi va uning tarkibida 46% fosfor hamda 12% ammoniy birikmalari mavjudligini keltirishimiz mumkin.

Zarafshon daryosiga toʻgʻridan-toʻgʻri oqova suvlarning tashlanishi va kelgusida ham kuzatilishi mumkin boʻlgan bu kabi asossiz ayblovlarning oldini olish maqsadida “Navoiyazot” AJda barcha oqova suvlarni Biologik kimyoviy tozalash inshootiga yoʻnaltirish boʻyicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Hozirda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, huquqni muhofaza qilish organlari va “Navoiyazot” AJ xodimlari tomonidan barcha oqova suvlar tashlanadigan joylardan tahlil uchun namunalar olinib, sodir boʻlgan hodisa yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Natijalari boʻyicha aniq maʼlumotlar tezkorlik bilan jamoatchilikka taqdim etib boriladi.

Shu oʻrinda, ayrim OAV vakillari, blogerlar va ijtimoiy tarmoq faollaridan taxminlarga asoslangan, noaniq maʼlumotlarni tarqatmaslik va asossiz ayblovlardan yiroq boʻlishlarini soʻraymiz. Mavzu yuzasidan aniq, batafsil va tezkor maʼlumotlarni olish uchun “Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati bilan bogʻlanishingiz mumkin (+998 78 140 74 26).

“Oʻzkimyosanoat” AJ ekologiya va atrof-muhit muhofazasiga alohida eʼtibor qaratadi va ustuvor vazifa deb biladi. Bu borada tizim korxonalarida muntazam monitoring oʻrnatish, kimyo sanoatida ekologik talablarga toʻliq javob beradigan zamonaviy texnologiyalar va “yashil energetikani” keng joriy qilish boʻyicha tizimli ishlar davom ettiriladi.

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati