"O'zkimyosanoat" AJ

“Korruptsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olishning ustuvor vazifalari”

// 07 October 2021 yil
https://special.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/korrupciya_qarshi_kurashish

“Oʼzkimyosanoat” aktsiyadorlik jamiyati tomonidan korruptsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, xodimlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan “Korruptsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olishning ustuvor vazifalari” mavzusida navbatdagi seminar oʼtkazildi.

Tadbirda “Oʼzkimyosanoat” АJ boshqaruvi aʼzolari, departament, boshqarma, boʼlim boshliqlari va Oʼzbeksiton Respblikasi Davlat xavfsizlik xizmati tezkor xodimi F.Yangiboev ishtirok etdi.

“Oʼzkimyosanoat” АJ boshqaruvi raisi J.Mirzamahmudov yigʼilish ishtirokchilarini jamiyat tizimida “Yashirin iqtisodiyot va korruptsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish boʼyicha 2020-2021 yillarga moʼljallangan yoʼl xaritasi”da bir qator tadbirlar belgilanganligi va ularning ijrosini taʼminlash maqsadida “Oʼzkimyosanoat” АJda Komplaens xizmati tashkil etilgani, korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha 10dan ortiq ichki meʼyoriy hujjatlar tasdiqlanganligi va ular bilan oʼrnatilgan tartibda jamiyat xodimlari tanishtirilganligi va doimiy ravishda elektron tarzda axborot olish uchun jamiyatning ichki tarmogʼi va rasmiy veb-saytida joylashtirilganligini maʼlum qildi.

Ushbu yoʼnalishda olib borilgan ishlar natijasida tizim korxonalarida 26 ta xizmat surishtiruvlari oʼtkazilganligi, 4,5 mlrd. soʼmdan ortiq tovar moddiy boyliklarini talon-taroj qilinishning oldi olinganligi, 1,7 mlrd. soʼm mablagʼlarni tejalganligi qayd etildi. Shu bilan birga jamiyat faoliyatning ochiqligi va shaffofligini taʼminlash sohasida joriy yil davomida ommaviy axborot vositalari va rasmiy veb-saytda jami sohaga oid 25 ta materiallar joylashtirilganligi taʼkidlandi.

Tadbirda Oʼzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati tezkor xodimi F.Yangiboev soʼz olib, DXXning oʼz vakolatlari doirasida korruptsiyaning holati va korruptsiyaga qarshi kurashish natijalari toʼgʼrisidagi axborotni yigʼishi hamda tahlil qilishi, korruptsiya bilan bogʼliq jinoyatlar boʼyicha tergovga qadar tekshiruvni va dastlabki tergovni amalga oshirishi, korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarning oʼz vaqtida oldi olinishi, aniqlanishi va ularga chek qoʼyilishini taʼminlash, ularning oqibatlarini, shuningdek, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir tadbirlarni ishlab chiqish boʼyicha bevosita “Oʼzkimyosanoat” АJ tarmoq korxonalari misolida batafsil maʼlumot berib oʼtdi.

Yigʼilish soʼnggida korruptsiya va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda asosiy kuch jamoatchilik ekanligi, shu bois jamiyatda bu illatlarga nisbatan immunitetni shakllantirish, ularning salbiy oqibatlarini anglab yetgan holda, shaxsiy masʼuliyatni oshirish orqali korruptsiyaga qarshi kurashishga oʼz hissamizni qoʼshishimiz lozimligi taʼkidlandi.