"O'zkimyosanoat" AJ

“Oʻzkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalari Komplayens xizmati tomonidan 2022-yil davomida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan brifing o`tkazildi

// 08 February 2023 yil
https://special.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/komplyaens-xizmati-korrupsiyaga-qarshi-kurashish-sohasida-amalga-oshirilgan-ishlar-yuzasidan-brifing

Bugun O‘zbekiston  Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Oʻzkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalari Komplayens xizmati tomonidan 2022-yil davomida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan brifing o`tkazildi.

“Oʻzkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarida korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish, sohada priventiv choralarni kuchaytirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Barcha tarmoq korxonalarida “Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati”, “Odob-axloq qoidalari”, “Manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish nizomi”, “Nomzodlarni tekshirish boʻyicha yoʻriqnoma”, “Kontragentlarni tekshirishga oid yoʻriqnoma” va “Xavf-xatarlarni aniqlash va baholash uslubiyoti” kabi 10 dan ortiq ichki idoraviy hujjatlar qabul qilinib, mazkur hujjatlardagi tartib-taomillar bilan xodimlarni tanishtirish va amaliyotga joriy etish yuzasidan tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, 2022-yil davomida “Oʻzkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qabul qilingan “Manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish nizomi” talablariga muvofiq xizmat vazifasiga koʻra korrupsiyaviy xavf-xatarlar ehtimoli yuqori boʻlgan 6250 nafar xodimlar tomonidan manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiyalar toʻldirildi. Tahlillar natijasiga koʻra 57 nafar masʼul xodimlarda manfaatlar toʻqnashuvi holati mavjudligi, 37 ta holatda esa ehtimoliy (potensial) manfaatlar toʻqnashuvi holati mavjudligi aniqlangan. Mazkur holatlar boʻyicha aniqlangan manfaatlar toʻqnashuvlarini zudlik bilan bartaraf etish choralari koʻrildi.

Bundan tashqari, hisobot davrida kimyo sanoati korxonalarida korxona va davlat mulklarini oʻzlashtirish va korrupsion jinoyatlar boʻyicha jami 65 ta xizmat tekshiruvlari oʻtkazilgan. Xizmat tekshiruvlari natijalariga koʻra toʻplangan hujjatlar tegishli tartibda huquq-tartibot idoralariga yuborilib, oqibatda 28 nafar xodim jinoiy javobgarlikka tortilgan, 25 nafar xodim egallab turgan lavozimidan ozod etilgan, 100 nafar masʼul xodimlarga turli intizomiy jazolar qoʻllanilgan.

Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, 2021-yil davomida tarmoq korxonalarining tovar-moddiy boyliklari hamda vakolatli ijara omborlarida jami boʻlib 85,5 mlrd soʻmlik turli tovar-moddiy boyliklari va mineral oʻgʻitlar kamomadi aniqlangan boʻlsa, Komplayens xizmatlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar va muntazam oʻtkazilgan profilaktik tadbirlar natijasida 2022-yil mobaynida vakolatli ijara omborlarida kamomadlar aniqlanmagan.

2022-yilda “Oʻzkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarida korrupsion harakatlar, korxona mablagʻlarining talon-taroj qilinishi va ishlab chiqarish koʻrsatkichlariga qoʻshib yozishlar oqibatida tizimga jami 28,3 mlrd soʻmlik zarar yetkazilganligi aniqlanib, tergov harakatlarini olib borayotgan idoralar bilan hamkorlikda yetkazilgan zararni qoplash yuzasidan tegishli choralar koʻrilmoqda.

Shu bilan birga, hisobot davrida “Oʻzkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarida qabul qilingan ichki idoraviy hujjatlar “Xaridlar siyosati” va “Kontragentlarni tekshirishga oid yoʻriqnoma” talablariga rioya etilishini taʼminlash natijasida tizim korxonalarida xaridlar jarayonining ochiq va shaffofligini taʼminlash orqali jami 7,5 mlrd soʻmlik pul mablagʻlarining asossiz sarflanishining oldi olingan.

“Oʻzkimyosanoat” AJ korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish, huquqbuzarliklarni erta aniqlash, ularning oldini olish va chek qoʻyish, qolaversa, ushbu illatlarga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan aniq, tizimli ishlarni amalga oshirishda davom etadi.