"O'zkimyosanoat" AJ

“O‘zkimyosanoat” AJ Komplayens xizmatining 2022-yil yakunlari yuzasidan hisobot yig‘ilishi o‘tkazildi

// 03 February 2023 yil
https://special.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/komplayens-xizmatining-2022-yil-yakunlari-yuzasidan-hisobot

“Oʻzkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalari Komplayens xizmati tomonidan 2022-yil davomida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi hisobot yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda “Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi v.v.b. Y. Korjikov yigʻilish ishtirokchilarini kun tartibidagi masala bilan tanishtirib, Komplayens xizmati tomonidan 2022-yil davomida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan quyidagilarni maʼlum qildi.

“Oʻzkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarida korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish, sohada priventiv choralarni kuchaytirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Jamiyatning 2023-yil uchun “Korrupsiyaga qarshi kurashish dasturi” tasdiqlanib, sohada korrupsiyaning oldini olish va bartaraf etish yuzasidan aniq, tizimli chora-tadbirlar belgilab olindi.

Shuningdek, barcha tarmoq korxonalarida “Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati”, “Odob-axloq qoidalari”, “Manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish nizomi”, “Nomzodlarni tekshirish boʻyicha yoʻriqnoma”, “Kontragentlarni tekshirishga oid yoʻriqnoma” va “Xavf-xatarlarni aniqlash va baholash uslubiyati” kabi 10 dan ortiq ichki idoraviy hujjatlar qabul qilinib, mazkur hujjatlardagi tartib-taomillar bilan xodimlarni tanishtirish va amaliyotga joriy etish yuzasidan ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, 2022-yil davomida “Oʻzkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qabul qilingan “Manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish nizomi” talablariga muvofiq xizmat vazifasiga koʻra korrupsiyaviy xavf-xatarlar ehtimoli yuqori boʻlgan 6250 nafar xodimlar tomonidan manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiyalar toʻldirildi. Tahlillar natijasiga koʻra 57 nafar masʼul xodimlarda manfaatlar toʻqnashuvi holati mavjudligi, 37 ta holatda esa ehtimoliy (potensial) manfaatlar toʻqnashuvi holati mavjudligi aniqlangan. Mazkur holatlar boʻyicha aniqlangan manfaatlar toʻqnashuvlarini zudlik bilan bartaraf etish choralari koʻrildi.

Bundan tashqari, hisobot davrida kimyo sanoati korxonalarida korxona va davlat mulklarini oʻzlashtirish va korrupsion jinoyatlar boʻyicha jami 65 ta xizmat tekshiruvlari oʻtkazilgan. Xizmat tekshiruvlari natijalariga koʻra toʻplangan hujjatlar tegishli tartibda huquq-tartibot idoralariga yuborilib, oqibatda 28 nafar xodim jinoiy javobgarlikka tortilgan, 25 nafar xodim egallab turgan lavozimidan ozod etilgan, 100 nafar masʼul xodimlarga turli intizomiy jazolar qoʻllanilgan.

Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, 2021-yil davomida tarmoq korxonalarining tovar-moddiy boyliklari hamda vakolatli ijara omborlarida jami boʻlib 85,5 mlrd soʻmlik turli tovar-moddiy boyliklari va mineral oʻgʻitlar kamomadi aniqlangan boʻlsa, Komplayens xizmatlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar va muntazam oʻtkazilgan profilaktik tadbirlar natijasida 2022-yil mobaynida vakolatli ijara omborlarida kamomadlar aniqlanmagan.

2022-yilda “Oʻzkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarida korrupsion harakatlar, korxona mablagʻlarining talon-taroj qilinishi va ishlab chiqarish koʻrsatkichlariga qoʻshib yozishlar oqibatida tizimga jami 28,3 mlrd soʻmlik zarar yetkazilganligi aniqlanib, tergov harakatlarini olib borayotgan idoralar bilan hamkorlikda yetkazilgan zararni qoplash yuzasidan tegishli choralar koʻrilmoqda.

Shu bilan birga, hisobot davrida “Oʻzkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarida qabul qilingan ichki idoraviy hujjatlar “Xaridlar siyosati” va “Kontragentlarni tekshirishga oid yoʻriqnoma” talablariga rioya etilishini taʼminlash natijasida tizim korxonalarida xaridlar jarayonining ochiq va shaffofligini taʼminlash orqali jami 7,5 mlrd soʻmlik pul mablagʻlarining asossiz sarflanishining oldi olingan.

Hisobot yigʻilishi davomida jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish borasidagi ishlarni muntazam va tizimli davom ettirish yuzasidan koʻrsatma va topshiriqlar berildi. Shuningdek, “Oʻzkimyosanoat” AJda tasdiqlangan sohaga oid ichki idoraviy hujjatlar ijrosi hamda 2023-yilda “Korrupsiyaga qarshi kurashish dasturi”da belgilangan chora-tadbirlar ijrosini oʻz vaqtida va sifatli taʼminlash hamda amalga oshirish, huquqbuzarliklarni erta aniqlash, ularning oldini olish va chek qoʻyish, qolaversa, ushbu illatlarga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish maqsadida Komplayens xizmati tomonidan mazkur sohada ustuvor yoʻnalishlar, aniq maqsadlar va vazifalar belgilab olindi.

 

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati