"O'zkimyosanoat" AJ

“Kimyo sanoati yosh mutaxassislari” milliy forumi oʻtkazildi

// 01 June 2024 yil
https://special.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/kimyo-sanoati-yosh-mutaxassislari-milliy-forumi-utkazildi

Joriy yilning 27-may - 1-iyun kunlari “Oʻzkimyosanoat” Aksiyadorlik jamiyati, tizim korxonalari hamda  Kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi bilan hamkorlikda Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi “Yoshlar oromgohida” “Kimyo sanoati yosh mutaxassislari” ilmiy-intellektual xakatoni boʻlib oʻtdi. Mazkur xakaton “Barqaror rivojlanish va yashil iqtisodiyot” kimyo haftaligi doirasida oʻtkazildi.  

Ushbu хakatonda “Oʻzkimyosanoat” AJ tizim korxonalarida faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislar, D.I.Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo texnologiyalari universiteti Toshkent shahri filiali, Toshkent kimyo- texnologiya instituti hamda Yangi Oʻzbekiston universiteti talabalari — jami 200 nafar yoshlar ishtirok etdi.

Bugungi kunda  “Oʻzkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarida 5193 nafar yosh mutaxassislar mehnat faoliyatini olib boradi. Ulardan 3417 nafari erkak, 1776 nafari ayol. Yoshlardan 63 nafari rahbar lavozimida faoliyat yuritadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi “Oʻzbekiston-2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida” Farmoni ijrosini taʼminlash, kimyo sanoati yosh mutaxassislarining malaka va tajribalarini oshirish, ilm-fan va ishlab chiqarish oʻrtasida integratsiya jarayonlarini kuchaytirish maqsadida tashkil etilgan ushbu milly forum yoshlar uchun  bilim-malaka oshirish, doʻstlar orttirish, iste’dodini aniqlash, jamoaviy ishlash, tashabbuskorlikni rivojlantirishga qaratilgan tadbirlarga boy oʻtdi. 

Forumning dastlabki kuni yoshlar D.I.Mendeleyev nomidagi RKTUda boʻlib, OTMda sohaning boʻlajak mutaxassislari uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Soʻngra Chirchiq kimyo-industrial texnoparkiga yoshlar uchun ekskursiya tashkil etildi. Ishtirokchilar texnoparkdagi ishlab chiqarish jarayonlariga guvoh boʻlishdi. 

Sogʻlom turmush tarzini ommalashtirish, mutaxassislarning har tomonlama yetuk kadr boʻlib yetishishlarini taʼminlash maqsadida forum dasturida sport tadbirlari keng oʻrin egallagan. Xakatonning 2-kunida ishtirokchi yigit-qizlar oʻrtasida stol tennisi, shaxmat-shashka, voleybol, armrestling kabi sport turlari boʻyicha 7 ta musobaqa tashkil etildi. Yoshlar oʻz korxona va OTMlari sharafini himoya qilib, ularda faol ishtirok etdi.

Xakaton mobaynida shaxsiy brend, notiqlik sanʼati, taym-menejment, mediamadaniyat, psixologiya boʻyicha koʻp yillik tajribaga ega ekspertlar tomonidan mahorat darslari oʻtkazildi. Jurnalist Aisha Xushnazarova, ekspert Salay Matkarimov, trener, PhD  tadqiqotchi Akobir Abdullayev, psixolog Goʻzal Utabekovalar oʻz bilim va tajribalari bilan oʻrtoqlashishdi. 

Shuningdek, yoshlar oʻrtasida keng ommalashgan “Zakovat” intellektual oʻyini ham boʻlib oʻtdi. Unda ishtirokchilardan tashkil topgan 24 ta jamoa “Oʻzkimyosanoat AJ rahbari kubogi” uchun bahs olib bordi. 

Toshkent kimyo-texnologiya instituti talabalari intellektual oʻyinda zukkolik va jamoaviy ahillikni namoyon etib, 1-oʻrinni egalladi. “Yangi Oʻzbekiston” universitetining bilimga chanqoq talabalaridan  tashkil topgan 2 ta jamoaga 2-va 3-oʻrinlar nasib etdi.

“Kimyo sanoati yosh mutaxassislari milliy forumi”ning muhim tadbiri “Eng yaxshi innovatsion gʻoya” koʻrik-tanlovi yosh mutaxassislarning yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish, sanoatda tejamkor texnologiyalarni samarali qoʻllash, tabiat resurslaridan oqilona foydalanishga xizmat qiluvchi tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan. Tanlovda yoshlarga ishlab chiqarish jarayonlaridagi muammoli vaziyatlarga innovatsion yechim taklif qilish vazifasi berildi. Uning doirasida ishtirokchilar tomonidan 20 ta innovatsion loyihalar taklif qilindi. Yoshlar soha mutaxassislariga oʻz takliflarini taqdimot qilishdi. 

Loyihalar energotejamkorligi, kimyo korxonalarida ishlab chiqarish jarayonlarini yengillashtiruvchi va modernizatsiya qiluvchi, yangi mahsulotlar hamda ish oʻrinlarini yaratishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.

“Eng yaxshi innovatsion gʻoya” sifatida eʼtirof etilgan loyihalar korxonalarda amalda tatbiq etilishi koʻzda tutilgan.  

Tadbirda “Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruv raisining oʻrinbosari Akobir Toʻxtayev bilan birgalikda rahbar va yoshlar uchrashuvi tashkil etildi. Unda Jamiyat tarmoq korxonalari rahbarlari, D.I.Mendeleyev nomidagi RKTU, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Yangi Oʻzbekiston universiteti vakillari ham ishtirok etib, yoshlar bilan suhbat qurishdi.  Yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi. Samimiy va koʻtarinki kayfiyatda oʻtgan uchrashuvda ishtirokchilarning takliflari tinglandi.  

Forum mehmonlari -Oʻzbek milliy akademik drama teatri san’atkorlari bilan oʻtkazilgan madaniy tadbir ham yoshlarga koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi. 

Milliy forumning tantanali yopilish marosimida “Zakovat” intellektual oʻyini, sport musobaqalari, “Eng yaxshi innovatsion gʻoya” koʻrik-tanlovlarida gʻolib boʻlgan ishtirokchilar munosib taqdirlandi. Ularga pul mukofotlari, diplom-sertifikatlar, qimmatbaho esdalik sovgʻalari topshirildi. 

Shuning bilan yosh kimyogarlar uchun oʻziga xos voqelikka aylangan “Kimyo sanoati yosh mutaxassislari” milly forumi oʻz nihoyasiga yetdi. 

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati