"O'zkimyosanoat" AJ

Jahon kimyo sanoati yangiliklari: tibbiy polimerlarning jahon bozori 2029-yilga kelib uchdan bir qismga oshadi

// 26 October 2024 yil
https://special.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/jahon-kimyo-sanoati-yangiliklari-tibbiy-polimerlarning-jahon

Tibbiy polimerlarning jahon bozori 2024-yildagi 41,1 milliard dollardan 2029-yilga kelib 60,5 milliard dollargacha oʻsishi kutilmoqda. 

Yillik oʻsish surʼati (CAGR) prognoz davrida 8,0 foizni tashkil etadi. MarketsandMarkets nashrining xabar berishicha, polimerlarga yuqori talabning oshib borishi ularning tibbiy xizmat koʻrsatishda bemorlar uchun xavfsizligini taʼminlash va infeksiyalar sonini kamaytirishdagi muhim roli bilan bogʻliq. 

Osiyo-Tinch okeani mintaqasi tibbiy polimerlardan foydalanishda yetakchiga aylandi. Bunga Xitoy, Hindiston va Yaponiya kabi mamlakatlarda jadal urbanizatsiya, iqtisodiy oʻsish va sogʻliqni saqlash sohasidagi oʻzgarishlar sabab boʻldi.  Bu omillar ushbu mamlakatlarda tibbiy jihozlarga, jumladan polimerlarga ham talabni oshiradi. 

Tibbiyot plastiklari oʻzining universalligi bilan tibbiy polimerlar bozorida  tibbiyot elastomerlariga nisbatan katta ulushga ega. Ular turli xil tibbiy asboblar, qadoqlash va jihozlar ishlab chiqarishda qoʻllaniladi. Zamonaviy ishlanmalar ushbu plastiklarning xususiyatlarini yaxshiladi. Ularning mustahkamligi, moslashuvchanligi va shaffofligi oshdi, bu tibbiyotning qatʼiy talablariga javob beradi. 

Bundan tashqari, bir marta ishlatiladigan mahsulotlarga talabning ortishi va minimal invaziv muolajalarning koʻpayishi tibbiy plastiklardan foydalanishning koʻpayishiga olib keladi.

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati