"O'zkimyosanoat" AJ

Innovatsion loyihalar iqtisodiyotning turli tarmoqlariga xom- ashyo yetkazib berish samaradorligini oshiradi

// 08 November 2024 yil
https://special.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/innovatsion-loyihalar-iqtisodiyotning-turli-tarmoqlariga-xom

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 6-iyuldagi “2022-2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida iqtisodiyotning real sektori tarmoqlari tomonidan yangi innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha amalga oshiriladigan aniq ustuvor loyihalar belgilangan.

Mazkur yoʻnalishda kimyo sanoati korxonalari tomonidan bir qator amaliy ishlar qilindi.

Xususan, “Fargʻonaazot” AJ mutaxassislari tomonidan ishlatilgan katalizatorlardan import oʻrnini bosuvchi rux xlorid mahsulotini ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirildi.  Maʼlumot oʻrnida taʼkilash joiz, rux xlorid oziq-ovqat, toʻqimachilik, metal, dori-darmon, akkumulyator, qogʻoz, yelim, alkogol, gigiyena vositalari, qoʻshimchalar, moy tozalash vositalari mahsulotlari tayyorlashda va boshqa koʻplab sohalarda qoʻllaniladi. Rux xlorid mamlakatimizga import qilinadi. Loyihaning dolzarbligi shundaki, ekologiya va atrof-muhitga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan toʻplanib qolgan ishlatilgan katalizatorlar rux xloridini ishlab chiqarishda xom ashyo sifatida foydalaniladi. Loyiha natijasida ular qayta ishlanadi va importdan kirib kelayotgan mahsulot mahalliylashtiriladi.

“Maxam-Chirchiq” AJda esa ammoniy karbonat tuzini ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish va texnologiyani takomillashtirish loyihasi doirasida ishlab chiqarish quvvatlari qurilmalari oʻzgartirildi va texnologik jarayon mukamallashtirildi. Shu tariqa qishloq xoʻjaligida azotli oʻgʻit, boʻyoqlar sifatida kosmetikada, yongʻinga qarshi kompozitsiyalarning tarkibiy qismi boʻlgan ammoniy karbonat ishlab chiqarish samaradorligi oshirildi.

“Maxam-Chirchiq” AJda qurilmalarni oʻzgartirish va texnologiyani mukammallashtirish orqali yana bir loyiha yaʼni, magniy sulfat tuzini ishlab chiqarish jarayoni takomillashtirildi. Bu oʻz navbatida, issiqxonalarda oʻgʻit sifatida, karbamid oʻgʻitining yopishib qolishiga qarshi qoʻshimcha sifatida,  magnezial sement ishlab chiqarishda magniy oksidini olish uchun xomashyo, toʻqimachilik sanoatida tolani ogʻirlashtiruvchi va matolarni boʻyash uchun vosita, pulpa va qogʻoz sanoatida qogʻoz toʻldiruvchi hisoblangan magniy sulfat tuzini sanoatning turli tarmoqlariga yetkazib berish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.

"O'zkimyosanoat" AJ Matbuot xizmati