"O'zkimyosanoat" AJ

Hududlarda tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar davom etmoqda

// 09 July 2026 yil
https://special.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/hududlarda-tadbirkorlar-bilan-ochiq-muloqotlar-davom-etmoqda

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan oʻtkaziladigan VI ochiq muloqotiga puxta tayyorgarlik koʻrish maqsadida “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati hududlarda tadbirkorlik subyektlari bilan bevosita uchrashuvlar oʻtkazib, sohadagi mavjud holat, muammo va takliflarni oʻrganmoqda.

 

Navbatdagi ishchi tashriflar doirasida “Oʻzkimyosanoat” AJning masʼul xodimlari Fargʻona va Namangan viloyatlarida faoliyat yuritayotgan kimyo sanoati mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga tashrif buyurib, ishlab chiqarish jarayonlari, amalga oshirilayotgan yangi investitsiya loyihalari hamda korxonalarning bugungi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Uchrashuvlar davomida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot oʻtkazilib, ishlab chiqarishni kengaytirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish jarayonida yuzaga kelayotgan muammo va takliflar atroflicha oʻrganildi.

 

Shuningdek, ularni hal etish boʻyicha tegishli takliflar ishlab chiqish hamda mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda amaliy choralar belgilash masalalari muhokama qilindi.
Xususan, Fargʻona viloyatidagi “SWISSAGRO” MCHJ, “VODIY KIMYO SANOAT” MCHJ, “ECO BIOSTAR” MCHJ hamda Namangan viloyatidagi “IFODA AGRO KIMYO HIMOYA” MCHJ XK faoliyati oʻrganildi.

Bu kabi muloqotlar tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash, sohadagi mavjud muammolarni joyida aniqlash va ularning yechimi yuzasidan amaliy choralarni belgilash, shuningdek, kimyo sanoatida yangi investitsiya loyihalarini samarali amalga oshirishga xizmat qiladi.