"O'zkimyosanoat" AJ

“Oʻzkimyosanoat” AJda Germaniyaning “Linde” kompaniyasi vakillari bilan navbatdagi uchrashuv boʻlib oʻtdi

// 13 June 2023 yil
https://special.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/havoni-taqsimlash-uskunasini-urnatish

Joriy yilning 13-iyun kuni “Oʻzkimyosanoat” AJda Germaniyaning “Linde” kompaniyasi vakillari bilan “Navoiyazot” AJda “Havoni taqsimlash uskunasini oʻrnatish” loyihasi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan navbatdagi uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda “Linde Group” kompaniyasining ijrochi vitse-prezidenti Sean Durbin ham qatnashdi. Uchrashuvda mazkur istiqbolli loyihani amalga oshirish boʻyicha qilinayotgan ishlar va kelgusida bajarilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Shuningdek, uchrashuv davomida soʻnggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimiz kimyo sanoatida ulkan islohotlar olib borilayotganligi va buning natijasida amalga oshirilayotgan yirik, istiqbolli investitsiya loyihalari soni ortib borayotganligi  alohida taʻkidlandi.

Eslatib oʻtamiz, joriy yilning 2-may kuni Berlinda oʻtkazilgan Oʻzbekiston-Germaniya biznes forumi doirasida “Navoiyazot” AJ va “Linde” kompaniyasi oʻrtasida majmuaning ishlab chiqarish ehtiyojlarini qondirish uchun “Navoiyazot” AJda “Havoni taqsimlash uskunasini oʻrnatish” loyihasini amalga oshirish boʻyicha qoʻshma korxona tashkil etish loyihasini amalga oshirish boʻyicha kelishuv ham imzolangan edi.

Mazkur loyihada “Linde” asosiy investor - asosiy aktsiyador - 51% va loyihaning asosiy pudratchisi sifatida ishtirok etadi. Dastlabki hisob kitoblarga koʻra loyiha qiymati 90 million AQSH dollarini tashkil etadi, u 800 ming m3 dan ortiq gazsimon kislorod va azot ishlab chiqarishni koʻzda tutadi. Loyihani 2026-yilning birinchi choragida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Loyihani amalga oshirish natijasida “Navoiyazot” AJ hududida 1964 va 1971-yillarda foydalanishga topshirilgan mavjud “Havoni taqsimlash uskunasi” oʻrnini zamonaviy uskuna egallaydi va majmua yiliga 91 million kVt/soat elektr energiyasini tejash imkonini beradi.

Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtamiz, “Linde”  kompaniyasi sanoat va tibbiy gazlarni ishlab chiqarish boʻyicha dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biri boʻlib, dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlarida faoliyat yuritadi.

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati