"O'zkimyosanoat" AJ

“Oʻzkimyosanoat” AJda Germaniya Federativ Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Dr. Tilo Klinner bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

// 20 May 2022 yil
https://special.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/germaniya-hamkorlik-uchrashuv

Bugun “Oʻzkimyosanoat” AJda Germaniya Federativ Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Dr. Tilo Klinner hamda Germaniyaning “The Linde Group” kompaniyasi vitse-prezidenti Thomas Hilkerlar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Muzokaralar davomida Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasida kimyo sanoati boʻyicha hamkorlikni yanada rivojlantirish, amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalari, jumladan, Germaniyaning “The Linde Group” kompaniyasi bilan birgalikda “Navoiyazot” AJda havoni taqsimlash uskunasini qurish loyihasi, shuningdek, Germaniyaning “Siemens Energy”, Fransiyaning “EDF Group” va Niderlandiyaning “Stone City Energy Insolar Bv” kompaniyalarining to`g’ridan-to`g’ri investitsiyalari hisobiga, “Navoiyazot” AJ negizida yangi tashkil etilayotgan “Navoiy gaz-kimyo texnologik klasteri” hamda kimyo tarmoq korxonalari uchun zamonaviy energoblok qurish loyihalari yuzasidan fikr almashildi. Hamkorlik samarali davom etayotganligi, jarayon navbatdagi bosqichga o`tgani va tez fursatlarda qurilish ishlari boshlanishi alohida ta’kidlandi. Zamonaviy energoblok “Navoiy gaz-kimyo texnologik klasteri” rezidentlarini muntazam ravishda mustaqil elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.

Shu bilan birga, uchrashuv davomida kimyo sanoatiga “yashil” texnologiyalarni keng joriy qilish, logistika,  NACAG granti asosida Azot kislotasi ishlab chiqaruvchi korxonalarni dekorbonizatsiya qilish masalalari muhokama qilindi. “The Linde Group” kompaniyasi vitse-prezidenti Thomas Hilker bu kabi loyihalarni amalga oshirishda kompaniya, “O`zkimyosanoat” AJ bilan hamkorlikka doim tayyor ekanligini bildirdi. Qolaversa Germaniya Federativ Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Dr. Tilo Klinner samarali hamkorlikdan doim mamnun ekanligi, bu kabi istiqbolli loyihalarni muntazam qo`llab-quvvatlashi, shuningdek, “O`zkimyosanoat” AJ hamda Germaniyaning “BASF” va “Bayer” kompaniyalari o`rtasida investitsion loyihalarni amalga oshirish borasida hamkorlik aloqalarining o`rnatilishida ko`maklashishini bildirdi. 

Muzokaralar davomida taʼlim, ilmiy izlanishlar, soha rivoji va kelajagi uchun muhim sanalgan zamonaviy bilimlarga ega yetuk kadrlar tayyorlash borasida ham oʻzaro hamkorlikni samarali yoʻlga qoʻyish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

 

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati