"O'zkimyosanoat" AJ

Atrof-muhit himoyasiga barchamiz mas'ulmiz

// 10 September 2019 yil
https://special.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/environment

O'zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni himoya qilish Davlat qo'mitasi veb-saytida “O'zkimyosanoat” AJ tarkibiga kiruvchi korxonalarda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat ekologik nazorati amalga oshirildi” sarlavhali axborot chop etildi. Ushbu axborot respublikaning boshqa saytlari hamda ijtimoiy tarmoqlarida ham yoritildi. Shu munosabat bilan “O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati quyidagilarni ma'lum qiladi:

“Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni talablari asosida “Maxam-Chirchiq” va “Ammofos-Maksam” aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan O'zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni himoya qilish Davlat qo'mitasi veb-saytida yoritilgan axborotda ko'tarilgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilandi.

Korxonalar o'z faoliyati davomida O'zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to'g'risida”, “Ekologik nazorat to'g'risida”, “Suv va suvdan foydalanish to'g'risida”, “Atmosfera havosini muhofaza qilish to'g'risida”, “Ekologik ekspertiza to'g'risida”gi Qonunlariga hamda O'zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muxitni muhofaza qilish davlat qo'mitasining Davlat ekologik ekspertiza xulosasi asosida ish yuritadi.

Tabiatni muhofaza qilish qonunchiligiga muvofiq korxona tomonidan tashlanmalar chegaraviy me'yoriy (PDV), oqova suvlar chegaraviy me'yoriy (PDS) normativlari loyihalari, ishlab chiqarish chiqindilarining hosil bo'lishi va ularni joylash limitlarining ekologik normativlar loyihasi ishlab chiqilgan.

Korxonalarda har yili atrof-muhitni muhofaza qilish bo'yicha chora-tadbirlar ishlab chiqiladi va o'z vaqtida bajariladi.

Jumladan, “Maxam-Chirchiq” AJ tomonidan 2018 yilda atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish chora-tadbirlari bajarilishiga – 307,2 mln. so'm va 76 ming AQSh dollari sarflandi.

Atrof-muhitga ta'sirning o'rnatilgan normativlariga rioya qilinishning idoraviy nazoratini amalga oshirish, sanoat tashlanmalarda, oqova va tabiiy suvlarda zararli kimyoviy moddalar tarkibi ustidan nazoratni amalga oshirish, shuningdek, oqova suvlar, changyutgich va gaz tozalash qurilmalari ishining samaraligini nazorat qilish uchun korxonalarda akkreditatsiyalangan sanitar laboratoriyalari faoliyat olib boradi. Nazoratni kuchaytirish maqsadida korxonaning sanitar himoya zonasida, Chirchiq shahri va unga yondosh hududlarini nazorati har ikki soat davomida sanitar laboratoriya vakillari tomonidan olib borilmoqda.

Havo tarkibini uzluksiz nazorat qilish uchun ishlab chiqarish sexlari hududida 11 ta gaz tahlil uskunalari joylashtirilgan hamda onlayn nazorat qiluvchi 3 ta turg'un postlari Chirchiq shahar va unga yondashgan hududlar atmosfera havo va zararli moddalar tarkibini aniqlash uchun o'rnatilgan. Ulardan olingan axborotlar O'zbekiston Respubikasi Gidrometeorologiya hududiy xizmatiga onlayn tarzda berib boriladi.

Atrof-muhit va inson salomatligini himoya qilish, mehnat xavfsizligini ta'minlash, energetik samaradorlikni yaxshilash, jarayonda energiyani ishlatish va iste'mol qilish, SO2 gazlari imissiyalarini pasaytirish va atrof-muhitga boshqa zararli gazlarning ta'sirlarni kamaytirish uchun “Maxam-Chirchiq” AJda ISO 9001 Menejment sifat tizimi, ISO 14001 ekologik menejment tizimi, OHSAS 18001 Sog'liqni saqlash va kasbiy xavfsizlikni ta'minlash menejment tizimi, ISO 50001 Energomenejment tizimi joriy etilgan.

“Maxam-Chirchiq” AJ tomonidan atmosfera havosiga tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalarni hajmini kamaytirish maqsadida joriy yil avgustda karbamid va ammiakli selitra ishlab chiqarish sexlarida Dzerjinsk  karbamid ilmiy tadqiqot instituti (OAO «NIIK» g.Dzerjinsk, Rossiya), Moskva davlat azot ishlab chiqarish loyihalashtirish institut (OAO «GIAP» g. Moskva, Rossiya)lari tomonidan ekologik audit o'tkazildi. 5 sentabr kuni olingan audit natijalari bo'yicha yo'l xaritasi ishlab chiqildi, unga asosan tozalash inshootlari modernizatsiya qilinishi, texnologik o'zgartirishlar kiritilish ishlari amalga oshiriladi.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 13 noyabridagi 927-sonli “2018-2019 yillarda Toshkent viloyatini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to'g'risida”gi qarorining 4 bandiga asosan “Ammofos-Maksam” AJ ishlab chiqarish jarayonlarini nazorat qilish loyhasini amalga oshirish ta'minlandi. “Ammofos-Maksam” AJda absorbtsiya qilish moslamalari zamonaviy, energiya tejaydigan qurulmalarga almashtirildi va moderenizatsiya qilindi. Ushbu loyihani joriy yil sentabr oyi oxirigacha amalga oshirish natijasida atmosferaga ammiak tashlanishi yilliga 36,6 tonna va ftorli vodorod 3,4 tonnaga kamaytiriladi.

“Maxam-Chirchiq” AJ tomonidan korxona va unga tutash hududlarni ko'kalamzorlashtirish va obodonlashtirish maqsadida 2019 yilning 1-yarim yilligida 710 dona turli xil manzarali daraxtlar va 40 ming dona turli gul ko'chatlari ekildi. “Ammofos-Maksam” AJ tomonidan esa 2500 dona manzarali daraxtlar va 20 ming dona turli gul ko'chatlari ekildi.

Shu o'rinda axborotda keltirilgan ba'zi ma'lumotlarga oydinlik kiritish lozim.

Jumladan, axborotda “«MAXAM-CHIRCHIQ» AJning perimetri bo'ylab vodorod sulfid miqdori 4,5-7,4 marotaba yuqoriligi aniqlandi”, deb ko'rsatilgan, lekin, texnologik ishlab chiqarish jarayonida vodorod sulfidi ishlatilmaydi va atmosferaga tashlanmaydi. Korxonaga tutash hududda boshqa tashkilotlar ham faoliyat yuritilishini inobatga olish lozim. Huddi shunday holat “Ammofos-Maxam” AJ faoliyatini yoritishda ham namoyon bo'lgan. Ya'ni axborotda “Yuqoridagi o'rganishlar «AMMOFOS-MAXAM» AJda ham o'tkazildi, havo tarkibida oltingugurt moddasi miqdori ruxsat etilgan me'yordan – 2,6 martaga ortganligi aniqlandi” deb ta'kidlangan, aslida korxonadagi oltin gugurt kislotasi ishlab chiqarish faoliyati 2017 yil 9 noyabridan to'xtatilgan.

Korxonalar o'z faoliyatida bundan buyon ham mamlakatimizning samarali va barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yo'lida insonlar sog'ligi uchun qulay sharoitlarni yaratish, ekologik muvozanatni saqlash, tabiat resurslaridan oqilona foydalanishda barcha sa'y-harakatlarni amalga oshiradi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, “O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan jamiyat tizimidagi korxona-tashkilotlar hududi va ularga tutash hududlarda “Atrof-muhit himoyasiga barchamiz mas'ulmiz!” shiori ostida hududni ko'kalamzorlashtirish loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu loyiha O'zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni himoya qilish Davlat qo'mitasi bilan hamkorlikda sentabr oxirida amalga oshiriladi. Loyihadan ko'zlangan asosiy maqsad atmosferaga tashlanayotgan moddalar hajmini kamaytirish, korxona-tashkilotlar joylashgan hudud ekologik holatini yanada yaxshilashga ko'maklashish hamda atrof-muhitni manzarali daraxtlar bilan boyitish hisoblanadi.

“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati