"O'zkimyosanoat" AJ

ENERGETIKA VAZIRLIGI, “OʻZKIMYOSANOAT” AJ VA ACWA POWER OʻRTASIDA YASHIL AMMIAK ISHLAB CHIQARISH BOʻYICHA INVESTITSION HAMKORLIK TOʻGʻRISIDA BITIM IMZOLANDI

// 23 December 2022 yil
https://special.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/energetika-vazirligi-uzkimyosanoat-aj-va-acwa-power-bitim-imzoladi

Toshkent shahri mezbonlik qilayotgan O‘zbekiston Respublikasi – Saudiya Arabistoni Podshohligi biznes-forumi doirasida 2022-yilning 23-dekabr kuni Energetika vazirligi, “Oʻzkimyosanoat” AJ va ACWA Power (Saudiya Arabistoni) oʻrtasida yashil ammiak ishlab chiqarish boʻyicha investitsion hamkorlik toʻgʻrisida “Asosiy Shartlar” (Heads of Terms) bitimi imzolandi. Unga ko`ra yashil ammiak ishlab chiqarish loyihasi 2 bosqichda amalga oshiriladi.

Birinchi bosqich – yashil vodorod loyihasi boʻlib, yiliga 3,0 ming tonna yashil vodorod ishlab chiqarish quvvatiga ega bo`ladi. Loyiha qiymati esa 17,0 mln. AQSH dollarini tashkil etadi. Mazkur loyihani amalga oshirish doirasida “Maxam-Chirchiq” AJ zavodiga 20,0 MW quvvatli elektrolezyor uskunasi oʻrnatiladi va vodorod ishlab chiqarishda tabiiy gaz oʻrniga suvdan foydalaniladi.

Ikkinchi bosqich – yashil ammiak loyihasi boʻlib, yiliga 500,0 ming tonna yashil ammiak ishlab chiqarish ko`zlangan. Mazkur loyihani amalga oshirish maqsadida xorijiy hamkorlar bilan birgalikda iqtisodiy va texnik oʻrganishlar olib boriladi. Oʻrganishlar ijobiy natija koʻrsatgan taqdirda, qiymati 4,0 mlrd AQSH dollari boʻlgan ushbu yirik investitsion loyihaga start beriladi.  

Yuqorida sanab o`tilgan loyihalarni amalga oshirish va ishlab chiqarish jarayoni uchun zarur elektr energiyasini taʼminlab berish maqsadida loyihalar doirasida Energetika vazirligi va ACWA Power ishtirokida alohida, shamol/quyosh elektr stansiyasi barpo etiladi. Natijada har yili qariyb 1,0 mlrd metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinadi hamda mamlakatimizning kimyo sohasini dekarbonizatsiya qilinishida sezilarli natijalarga erishiladi.

 

“O`zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati