"O'zkimyosanoat" AJ

“Eco Expo Central Asia 2025” xalqaro ekologik texnologiyalar ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi

// 20 June 2025 yil
https://special.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/eco-expo-central-asia-2025-xalqaro-ekologik-texnologiyalar-k

Bugun poytaxtimizdagi CAEx ko‘rgazma majmuasida “Eco Expo Central Asia 2025” xalqaro ekologik texnologiyalar ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi.

Ta’kidlash joiz, "Eco Expo Central Asia" — O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayotgan va Markaziy Osiyodagi eng yirik ekologik ko‘rgazma bo‘lib, unda 30 dan ortiq mamlakatdan 3000 dan ziyod ishtirokchi qatnashmoqda.

Ko‘rgazmada ilg‘or “yashil” texnologiyalar, chiqindilarni boshqarish, suv resurslarini tejash va qayta tiklanuvchi energetika sohalaridagi eng yaxshi yechimlar namoyish qilinmoqda.

“Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” doirasida tashkil etilgan tadbirda “O‘zkimyosanoat” AJning Texnik jihatdan tartibga solish va ishlab chiqarishni muvofiqlashtirish departamenti vakillari, “Navoiyazot” AJ, “Maxam-Chirchiq” AJ va “Dehqonobod kaliy zavodi” AJlar  atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologiyaga ta'sirni kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni qamrab olgan taqdimotlari va ishlab chiqarilgan mahsulotlari  bilan ishtirok etishmoqda. Taqdimotlardan issiqxona gazlarini kamaytirish bo‘yicha ilg‘or tajribaga ega xalqaro hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan loyihalar o‘rin olgan.

Eslatib o‘tamiz, ko‘rgazma 21-iyunga qadar davom etadi.

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati