"O'zkimyosanoat" AJ

Brifing: “O‘zkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarining ishonch aloqa kanallari orqali jismoniy va yuridik shaxslardan 291 ta murojaat kelib tushgan

// 15 July 2025 yil
https://special.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/brifing-o-zkimyosanoat-aj-va-tarmoq-korxonalarining-ishonch-

“Oʻzkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarida 2025-yilning 2-choragida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan maʼlumot berib oʻtamiz

“Oʻzkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarining Korrupsiyaga qarshi kurashish va Komplayens boshqarmalari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida 2025-yilning oʻtgan 2-choragida oʻtkazilgan chora-tadbirlar Qonunchilik va ichki-meʼyoriy hujjatlarda belgilangan vazifalar doirasida amalga oshirildi.

Jumladan, hisobot davrida komplayens nazorat va korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar “Oʻzkimyosanoat” AJning ijro apparati, “Navoiyazot”, “Dehqonobod kaliy zavodi”, “Maksam-Chirchiq”, “Ammofos-Maksam”, “Oʻzkimyosanoatloyiha” AJlari hamda “Qizilqum fosforit kompleksi”, “Oʻzkimyoimpeks” MCHJlarida amalga oshirildi.

Hisobot davrida “Oʻzkimyosanoat” AJ va uning tarkibiy korxonalariga ishga yangi qabul qilingan 455 nafar xodim manfaatlar toʻqnashuvini oldini olish maqsadida tekshirildi.

Shuningdek, 76 nafar rahbar hodim va korrupsiyaga qarshi ichki tuzilma hodimlarining malakasi oshirildi. Jumladan, 50 nafar rahbar hodim ISO 31000:2018 “Xavflarni boshqarish” xalqaro standarti va 26 nafar korrupsiyaga qarshi ichki tuzilma hodimlari Korrupsiyaga qarshi virtual akademiya portali orqali “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimining samarali ishlashini taʼminlash” mavzusida maxsus chuqurlashtirilgan oʻquv kursida oʻz malakalarini oshirdilar.

Bundan tashqari, korxonalarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari xodimlari tomonidan 20 dan ortiq korrupsiyaga qarshi kurashish va manfaatlar toʻqnashuvini oldini olishga bagʻishlangan mavzularda seminarlar va davra suxbatlari oʻtkazilib, ularda jami 850 nafardan ortiq hodim nazariy bilimlarga ega boʻldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qaroriga muvofiq “E-Antikor.uz” elektron platformasiga “Oʻzkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarida joriy yilning oʻtgan
6 oyi davomida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlarga oid maʼlumotlar 5 ta yoʻnalishda 29 ta maxsus indikatorlar asosida platformaga biriktirildi.

Taʼkidlab oʻtish lozim, joriy yilning 12-iyun kuni “Oʻzkimyosanoat” AJ “CERT International” xalqaro akademiyasi tomonidan muvaffaqiyatli auditdan oʻtib, korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi nufuzli xalqaro standart - ISO 37001:2016 sertifikatiga ega boʻldi.

Hisobot davrida “Oʻzkimyosanoat” AJ va uning tarkibiga kiruvchi korxonalarda oʻtkazilgan Davlat haridlari doirasida 3500 dan ortiq xoʻjalik shartnomalari tuzilgan boʻlib, barchasiga korrupsiyaga qarshi kurashish talablari kiritilgan.

Oʻtgan davrda “Oʻzkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarining ishonch aloqa kanallari orqali jismoniy va yuridik shaxslardan 291 ta murojaat kelib tushgan, shundan 12 tasi korrupsiyaga oid boʻlib, barchasi boʻyicha xizmat tekshiruvlari oʻtkazildi. Uning natijasida 10 nafar xodimga nisbatan intizomiy chora qoʻllanildi.

Shuningdek, tizimda 52 marotaba rejali nazorat tekshiruvlari oʻtkazildi, natijada 24 ta holat boʻyicha toʻplangan materiallar huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga huquqiy baho berish uchun taqdim etildi. Bugungi kunda 20 ta holat boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.

2025-yilning ikkinchi choragi davomida “Oʻzkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlar tarmoqda ochiqlik, masʼuliyat va halollik tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati