Shu yilning 22-fevral sanasida ijtimoiy tarmoqlarda, xususan, bloger Zafarbek Solijonov blogida “O`zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatiga aloqador bo`lgan, “Oliy ma’lumotli ishsizlar ko`payadimi?” sarlavhasi ostidagi postida ko`tarilgan masalalar yuzasidan, “O`zkimyosanoat” AJ quyidagilarni ma’lum qiladi.
Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahrida ammiak va karbamid ishlab chiqarish loyihasini dastlab “Air Products and Chemicals” shirkati to`liq o`z mablag’i, yaʼni to`g’ridan-to`g’ri investitsiyalarni jalb etgan holda amalga oshirishga tayyor ekanligini bildirgan. Biroq tahlillarga ko`ra, “Air Products and Chemicals” bergan talablar asosida ishlab chiqilgan loyiha moliyaviy modeli natijalari ushbu loyihaning iqtisodiy jihatdan samarasiz ekanligini koʻrsatgan. Natijada “O`zkimyosanoat” AJ tomonidan loyihani amalga oshirish ishlari vaqtincha to`xtatilgan.
Mazkur loyiha uchun ajratilgan yer maydoni esa “O`zkimyosanoat” AJ tasarrufida hisoblanib, bugungi kunda hududda yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish ustida ishlanmoqda. “Sirdaryo erkin iqtisodiy zona direksiyasi” DUK taqdim etgan ma’lumotlarga ko`ra ajratilgan yer maydonida bugungi kunda hech qanday uy qurilishi ishlari olib borilmayapti. Postda keltirilgan ma’lumotlar o`z isbotini topmadi.
Yana bir jihatga e’tibor qaratish muhim. “O`zkimyosanoat” AJ yangi ish o`rinlari yaratish borasida Toshkent kimyo-texnologiya instituti bilan hamkorlikda doim tizimli ishlarni tashkillashtirgan. Hozirgi kunga kelib jamiyat tomonidan Navoiy, Fargʻona, Toshkent viloyatlari va Qoraqalpog’iston Respublikasi Ustyurt hududida tashkil etilayotgan kimyo texnologik klasterlar negizida umumiy qiymati 7,7 mlrd dollarlik 49 ta istiqbolli investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Mazkur kimyo texnologik klasterlar ishga tushishi natijasida 5602 nafar yangi ish o`rinlari yaratiladi. Bundan kelib chiqib shuni aytish mumkinki, nafaqat Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali bitiruvchilari, balki yurtimizda kimyo-texnologiya sohasida tahsil olayotgan barcha talabalarda, yaratiladigan yangi ish o`rinlarida faoliyat olib borish imkoniyati mavjud bo`ladi.
“O`zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati OAV va blogerlar bilan hamkorlikka doim tayyor ekanligini ma’lum qilamiz.
“O`zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati