"O'zkimyosanoat" AJ

O'zbekiston va Afg'oniston ishbilarmonlari Termizda uchrashdi

// 21 June 2018 yil
https://special.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news-uzbekistan/uzbekiston-va-afgoniston-ishbilarmonlari-termizda-uchrashdi

Surxondaryo viloyatidagi O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi huzuridagi Afg'oniston fuqarolarini o'qitish ta'lim markazida O'zbekiston Respublikasi va Afg'oniston Islom Respublikasi davlat idoralari hamda xususiy sektor vakillari o'rtasidagi muloqotning birinchi davrasi bo'lib o'tdi.

Biznes-forumda O'zbekiston savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov, tashqi savdo vaziri J.Xo'jaev, Surxondaryo viloyati hokimi E.Turdimov, Afg'oniston Prezidentining MDH mamlakatlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish bo'yicha maxsus vakili Muhammad Shokir Korgar, Yevropa Ittifoqining mamlakatimizdagi elchisi Eduards Stiprays va boshqalar ikki qo'shni mamlakat o'rtasidagi do'stlik va hamkorlik aloqalari yangi bosqichda rivojlanayotganini ta'kidladi.

Joriy yil mart oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan tashkil etilgan Afg'oniston bo'yicha Toshkent xalqaro konferentsiyasi ushbu mamlakatda tinchlik o'rnatish, barqaror rivojlanishini yangi bosqichga ko'tarish istiqbollarini belgilab berdi. Shunga muvofiq, dunyo hamjamiyati Afg'oniston yurtida tinchlik va barqarorlikni o'rnatish bo'yicha istiqbolli harakatlarni boshladi. O'zbekiston va Afg'oniston Prezidentlari Xitoy Xalq Respublikasining Sindao shahrida o'tgan ShHTga a'zo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashining sammiti doirasida muzokara o'tkazib, mamlakatlarimiz o'rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalarni yanada mustahkamlashning muhim jihatlarini muhokama etdi.

O'zbekiston qo'shni davlatda yirik loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etmoqda. Termizda Afg'oniston fuqarolariga ta'lim berish markazi faoliyat yuritmoqda. Kobul shahrida O'zbekiston savdo uyi tashkil etilgan. Afg'on fuqarolari uchun ixchamlashtirilgan viza tartibi joriy etilgani yaxshi qo'shnichilik munosabatlari yuksalib borayotganiga yaqqol misoldir. Ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining teng sheriklikka asoslangan aloqalari rivojlanib bormoqda. Yaqinda Termiz shahrida Surxondaryo viloyatining investitsiya, eksport va turizm salohiyatini yoritishga bag'ishlangan “Ochiq Janub” xalqaro biznes-forumida ishtirok etgan 70 dan ortiq afg'on tadbirkorlari ikki tomonlama shartnomalarni imzoladi.

– Viloyatimizda 1 ming 500 dan ortiq tadbirkor mavjud, – deydi Balx viloyati savdo-sanoat palatasi rahbari Arash Yunusi. – Bugun ularning ko'pchiligi O'zbekistondagi qurilish materiallari va oziq-ovqat sanoatiga, qishloq xo'jaligi mahsulotlariga katta qiziqish bildirmoqda. O'zbekistonga kelgan ishbilarmonlarimiz ana shu sohalar bo'yicha yaqin hamkor topishiga ishonaman. Ayni paytda tadbirkorlarimiz yurtingizdan tuxum, don va boshqa qishloq xo'jaligi mahsulotlarini xarid qilmoqda. Bunday yaqin qo'shnichilik munosabatlari iqtisodiyotimizni tiklashda yordam beradi.

Joriy yilning besh oyida mamlakatlarimiz savdo aylanmasi o'tgan yilning shu davriga nisbatan 14 foizga o'sdi. Surxondaryo viloyatida afg'on ishbilarmonlarining sanoat korxonalarini tashkil etishi va qurilish ishlari bilan shug'ullanishi, servis va xizmat ko'rsatishni yo'lga qo'yishi uchun qulay muhit yaratilayotgani o'zaro aloqalarni yanada rivojlantirish imkonini bermoqda. Tadbirda Termiz shahrida o'z biznesini yo'lga qo'ygan tadbirkorlar ham ishtirok etdi.

– O'zbekistondagi tinchlik biznesni yo'lga qo'yishda muhim omil sanaladi, – deydi afg'onistonlik Said Qudratullo. – Ko'p yillardan buyon Termiz shahrida yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shug'ullanib kelaman. 10 dan ortiq yuk mashinam bor. Mamlakatlarimiz o'rtasida yuk tashish bo'yicha xizmat ko'rsataman. Bu yerda topayotgan daromadimning bir qismi evaziga xorijdan yangi yuk mashinalari xarid qilib, xizmat ko'rsatish ko'lamini yil sayin oshirib bormoqdaman.

Tadbirda O'zbekiston va Afg'oniston savdo-sanoat palatalari o'rtasida mamlakatimizda ishbilarmonlar kengashini tuzish bo'yicha memorandum imzolandi. Ikki mamlakat ishbilarmonlari ko'plab sohalar bo'yicha o'zaro hamkorlikni yo'lga qo'yish yuzasidan manfaatli bitimlar tuzdi.

Mehmonlar o'zbekistonlik tovar ishlab chiqaruvchilarning “Termiz kargo” eksport markazida tashkil etilgan ko'rgazma-yarmarkasi bilan tanishdi. Termiz shahridagi tarixiy obidalarni ziyorat qildi.

Manba: O'zA