"O'zkimyosanoat" AJ

O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi tadbirkorlar uchun seminar o'tkazdi

// 21 June 2017 yil
https://special.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news-uzbekistan/uzbekiston-savdo-sanoat-palatasi-tadbirkorlar-uchun-seminar-utkazdi

O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan tadbirkorlarning huquqiy bilimini oshirishga bag'ishlangan seminar-trening o'tkazildi. 

Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan e'tibor tufayli mamlakatimiz iqtisodiyoti barqaror rivojlanib, xalqimiz farovonligi tobora yuksalib borayotgani alohida ta'kidlandi. 

O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatini nazorat qiluvchi organlarning tekshiruvlari monitoringi yuritilib, tadbirkorlarning qonuniy manfaatlari himoya qilinmoqda. Savdo-sanoat palatasi vakillari joriy yilning o'tgan davrida 359 tadbirkorlik sub'ekti faoliyatini tekshiruvlarda ishtirok etdi. 

Monitoring ishlari davomida tadbirkorlarni huquqiy axborot bilan ta'minlash, ularga tekshiruv tartiblari, tekshiruv jarayonida e'tibor qaratilishi zarur bo'lgan holatlar to'g'risida maslahatlar berib kelinmoqda. 

– Palatamizga a'zo bo'lgan tadbirkorlarning qonuniy huquqlarini himoya qilish imkoniyatlari yanada kengaymoqda, – deydi Savdo-sanoat palatasi raisining o'rinbosari vazifasini bajaruvchi Anvar Ikromov. – Palata a'zolarining manfaatlarini himoya qilib xo'jalik sudlariga kiritilgan 44 mingdan ortiq da'vo arizasining 80 foizi tadbirkorlik sub'ektlari foydasiga ijobiy hal etildi. 

Seminar-treningda mutaxassislar tekshiruvga kelgan xodim qanday rasmiy hujjatlarni taqdim etishi shartligi, ular tomonidan korxona xodimlari bilan suhbatlar o'tkazish, tushuntirish xatlari, tilxatlar olish va boshqa shunga o'xshash harakatlarni amalga oshirish usullari haqida ma'lumot berildi. 

Tadbirda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javob qaytarildi.

Manba: O'za