"O'zkimyosanoat" AJ

O'zbekiston delegatsiyasi Frantsiyada: muzokaralar, natija va sarhisob

// 26 August 2018 yil
https://special.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news-uzbekistan/uzbekiston-delegaciyasi-franciyada-muzokaralar-natizha-va-sarhisob

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o'rinbosari S.Safoev boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi 21-24 avgust kunlari Frantsiyada bo'ldi.

Tarkibida O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari A.Abduhakimov, Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari qo'mitasining raisi A.Saidov, madaniyat vaziri o'rinbosari K.Oqilovalar bo'lgan mamlakatimiz delegatsiyasi qator muzokaralar va uchrashuvlarda ishtirok etdi. Unda ikki tomonlama hamkorlikka oid istiqbolli kelishuvlarga erishildi.

“Campus France“ O'zbekistonda o'z faoliyatini kengaytiradi

Tashrif doirasida O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari A.Abduhakimov Frantsiya oliy ta'limini chet davlatlarda targ'ib qilish va xalqaro talabalar harakati bo'yicha Frantsiya davlat agentligi (“Campus France“) bosh direktori Beatris Kaya bilan uchrashdi. A.Abduhakimov agentlik mutasaddilariga so'nggi yillarda mamlakatimizda oliy ta'lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, yetakchi xorijiy ta'lim muassasalarining O'zbekistonda o'z filiallarini ochishlari uchun yaratilayotgan qulaylik va imkoniyatlar haqida so'zlab berdi.

Muloqotda tomonlar mamlakatlarimiz ta'lim tizimidagi aloqalarni faollashtirish maqsadida ikki davlatning oliy ta'lim muassasalari rektorlarining sammitini tashkil etish masalalarini muhokama qilishdi. Shu bilan birga, O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi bilan “Campus France“ o'rtasida yaqin kelajakda hamkorlik rejasini imzolashga kelishib olindi.

Ma'lumot o'rnida, “Campus France“ agentligi 2010 yilda tashkil etilgan bo'lib, Frantsiyadagi 352 oliy ta'lim dargohlarini o'z atrofiga birlashtiradi.

O'zbekiston kosmik va sun'iy yo'ldosh sohasida “Thales Alenia Space” bilan hamkorlik qilishi mumkin

Ushbu yo'nalishdagi hamkorlik istiqbollari O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o'rinbosari S.Safoev va Frantsiyaning “Thales Alenia Space” kompaniyasi vitse-prezidenti E.Imbert ishtirokidagi uchrashuvda muhokama qilindi.

Unda O'zbekistonda kosmik va sun'iy yo'ldosh sohasini rivojlantirishni ko'zda tutuvchi, ikki tomon uchun birdek manfaatli bo'lgan loyihalarni hayotga tatbiq etish masalalari haqida so'z yuritildi. Mamlakatimizda sun'iy yo'ldosh apparatlari yaxlit tizimini yaratish, mahalliy mutaxassislarni o'qitish imkonini beradigan texnologik baza tashkil etish masalalari shular jumlasidan.

Qayd etish kerak, “Thales Group” aeronavtika, kosmos, mudofaa, sun'iy yo'ldosh texnologiyalari, havo harakatini boshqarish sohalarida dunyoda mashhur kompaniya hisoblanadi. Bugungi kunda dunyoning 56 mamlakatida o'z faoliyatini amalga oshiradi. Shu jumladan, O'zbekistonda ham o'z vakolatxonasiga ega.

Frantsiya bilan ma'muriy boshqaruv tizimidagi istiqbolli yo'nalishlar muhokamasi

O'zbekiston delegatsiyasi Frantsiya bilan ma'muriy boshqaruv sohasida o'zaro tajriba almashish va boshqaruvning ilg'or usullarini mamlakatimizga joriy qilish maqsadida ushbu mamlakatning bir qator davlat hokimiyati idoralarida tashkil etilgan uchrashuvlarda ishtirok etdi.

Xususan, Parij shahrining 7-tumani meri, Yevroparlament deputati Rashid Dat bilan muloqot samarali kelishuvlarga boy bo'ldi. Unda Toshkent va Parij ma'muriy tuzilmalari o'rtasida boshqaruv tizimini o'rganish bo'yicha uchrashuvlar va doimiy muloqotlarni yo'lga qo'yish bo'yicha yakdil qarorga kelindi. Tomonlar radikalizm, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishda Yevroparlament bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi.

O'zbekiston delegatsiyasi Frantsiya tomonini shu yil noyabr oyida Samarqandda o'tadigan Osiyo forumiga ishtirok etishga taklif qildi.

Shu bilan mamlakatimiz delegatsiyasining Frantsiyaga safari nihoyasiga yetdi.

Manba: O'zA