"O'zkimyosanoat" AJ

Strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash yo'lida

// 27 November 2014 yil
https://special.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news-uzbekistan/kazakhstan2014

Ikki davlat rahbarlari an'anaviy do'stlik va ochiqlik ruhida o'tgan muzokaralar chog'ida mamlakatlarimiz o'rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishning asosiy masalalari, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda o'zaro hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash istiqbollari, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalarni muhokama etdilar.

Islom Karimov va Nursulton Nazarboev turli sohalardagi o'zaro hamkorlikni 2013 yilning iyun oyida Toshkentda imzolangan O'zbekiston Respublikasi bilan Qozog'iston Respublikasi o'rtasida Strategik sheriklik to'g'risidagi shartnoma ruhida izchil rivojlantirish ikki mamlakat xalqlarining tub manfaatlari, ularning tarixiy va madaniy yaqinligi, vaqt sinovidan o'tgan mustahkam do'stlik va qardoshlik rishtalariga mosligini, mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, uni barqaror rivojlantirishga xizmat qilishini ta'kidladilar.

O'zbekiston Prezidenti ta'kidlaganidek, tomonlar mazkur tashrifga oliy darajadagi muloqotlarning mantiqiy davomi, O'zbekiston bilan Qozog'istonning ko'p tomonlama munosabatlarini tahlil qilish uchun qulay imkoniyat sifatida qaramoqda.

Ma'lumki, global rivojlanish beqarorlik bilan kechmoqda, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi oqibatlari hamon keskinligicha qolmoqda. Shu nuqtai nazardan qaraganda, savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni yanada faollashtirishdan har ikki tomon ham manfaatdor ekani qayd etildi. Prezidentlar o'zaro hamkorlikni mustahkamlash uchun ikki mamlakatda ham ulkan salohiyat mavjudligini, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, institutlar va forumlar doirasida O'zbekiston – Qozog'iston munosabatlarini yanada rivojlantirishga tomonlarning intilishi mushtarak ekanini ta'kidladilar.

Davlat rahbarlari Afg'onistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashdilar. Ushbu mamlakatda tinchlikka erishilishi mintaqamiz va uning tashqarisida ham xavfsizlik hamda barqarorlikni mustahkamlash uchun muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Islom Karimov va Nursulton Nazarboev Markaziy Osiyoda mustahkam tinchlik va barqaror iqtisodiy taraqqiyotni ta'minlashda O'zbekiston va Qozog'istonning umumiy mas'uliyatini inobatga olgan holda, terrorizm, ekstremizm, narkotiklar va qurol-yarog'ning noqonuniy aylanishi, shuningdek, mintaqaviy hamda xalqaro xavfsizlikning boshqa xavf va tahdidlariga qarshi kurashishda o'zaro hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldilar.

Prezidentlar muzokaralar chog'ida iqtisodiy munosabatlarni izchil rivojlantirishga alohida e'tibor qaratdilar.

Qozog'iston O'zbekistonning muhim savdo sheriklaridandir, ikki tomonlama savdo aloqalari jadal va izchil rivojlanib bormoqda. Global iqtisodiy jarayonlardagi keskin o'zgarish va oldindan aytib bo'lmaydigan holatlarga qaramasdan, mamlakatlarimiz o'zaro savdo aloqalari darajasini nafaqat saqlab qolish, balki yanada rivojlantirishga erishmoqda. Xususan, 2013 yil yakunlari bo'yicha o'zaro tovar ayirboshlash hajmi 14 foiz o'sib, 3,2 milliard AQSh dollaridan ziyodni tashkil qildi. Joriy yilning o'tgan to'qqiz oyida esa bu ko'rsatkich 3 milliard dollardan oshdi.

Tomonlar hamkorlikni yangi marralarga olib chiqish uchun katta imkoniyatlarga ega. Shu munosabat bilan ikki mamlakat hukumatlariga o'zaro tovar ayirboshlashni yanada ko'paytirish, mahsulot turlarini kengaytirish, yuklarni tashish uchun qulay sharoitlar yaratish, tadbirkorlik sub'ektlari o'rtasida hamkorlikni rivojlantirishga doir choralarni kuchaytirish topshirildi.

O'zbekiston Respublikasi va Qozog'iston Respublikasi o'rtasida 2007-2016 yillarda iqtisodiy hamkorlik strategiyasi talablarini o'z vaqtida va sifatli bajarish uchun Ikki tomonlama hamkorlik bo'yicha hukumatlararo qo'shma komissiya faoliyatini yanada kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Transport va transport kommunikatsiyalari, chunonchi, mamlakatlarimizning ulkan tranzit salohiyatidan foydalanish sohasida o'zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish ikki tomonlama munosabatlarning yana bir muhim yo'nalishi hisoblanadi. Islom Karimov yuklarni tashishda, jumladan, temir yo'l transporti yordamida olib o'tish va yetkazib berishda o'zaro maqbul tarif preferentsiyalarini taqdim etish muhimligini ta'kidladi. Bu transport koridorlarining raqobatdoshligini oshirish, ulardan yanada samarali foydalanish imkoniyatini yaratadi.

Muzokaralar jarayonida Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasi faoliyati ham ko'rib chiqildi. Ushbu jamg'arma mintaqa mamlakatlariga Orol fojiasidan aziyat chekayotgan hududlarni ekologik sog'lomlashtirish va ularning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etishga qaratilgan ilmiy-amaliy loyiha va dasturlarni amalga oshirish bo'yicha o'zaro hamkorlik qilish uchun o'ziga xos imkoniyatlar yaratmoqda.

O'zbekiston va Qozog'iston Orol dengizi havzasidagi mamlakatlarga yordam ko'rsatish bo'yicha harakat dasturining uchinchi bosqichini samarali amalga oshirishga yo'naltirilgan mintaqaviy va xalqaro sa'y-harakatlarni qo'llab-quvvatlagan va bundan buyon ham qo'llab-quvvatlaydi. Shu munosabat bilan Qozog'iston Respublikasi Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasiga O'zbekiston Respublikasi raisligi doirasida shu yilning oktabr oyida «Orol dengizi mintaqasidagi ekologik ofat oqibatlarini yumshatish bo'yicha hamkorlikni rivojlantirish» mavzusida Urganchda o'tkazilgan xalqaro konferentsiya yakunlarini yuksak baholadi.

Xalqlarimizning ma'naviy yaqinligi va ko'p asrlik an'anaviy munosabatlariga asoslangan madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga ham alohida e'tibor qaratildi.

Tashrif asnosida o'zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan qator hujjatlar imzolandi.

O'zbekiston Prezidenti Qozog'iston Prezidenti hamrohligida Ostona shahrida yaqinda ochilgan «Nazarboev-markaz» ko'p tarmoqli ilmiy-tahliliy va ijtimoiy-ma'rifiy davlat muassasasini borib ko'rdi. Ushbu markaz o'ziga xos fond-muzey bo'lib, bu yerda qozoq xalqining tarixi, madaniyati va zamonaviy turmush tarzini, shuningdek, mamlakat Prezidentining faoliyatini aks ettiradigan eksponatlar saqlanmoqda.

Davlatimiz rahbari Qozog'iston mustaqillik yillarida erishgan yutuqlarni qayd etar ekan, ta'lim, ma'naviyat, yoshlarni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlarga yuksak baho berdi.

Oliy darajadagi Ostona uchrashuvlari qozoq xalqining buyuk bayrami – Mustaqillik kuni arafasida o'tgani bilan chuqur ramziy ma'noga ega. O'zbek va qozoq xalqlari hayot va davr sinovidan o'tgan ishonchli qo'shnilar, qardoshlardir va shunday bo'lib qoladi. Aynan shu bois O'zbekiston va Qozog'iston rahbarlarining har bir uchrashuvi xalqlarimiz tomonidan muhim tarixiy voqea sifatida kutib olinadi. Zero, O'zbekiston va Qozog'iston o'rtasidagi hamkorlik rivoji shiddat bilan o'zgarib borayotgan bugungi murakkab sharoitda nafaqat uzoq muddatli istiqboli, balki butun mintaqamizni barqaror rivojlantirish va farovonligini ta'minlashda ham muhim o'rin tutishi bilan ahamiyatlidir.

Shuni ishonch bilan aytish mumkinki, O'zbekiston Prezidentining Qozog'istonga ushbu tashrifi va uning yakunlari mamlakatlarimiz o'rtasidagi munosabatlarda yangi imkoniyatlar ochadi, xalqlarimizning manfaatlariga xizmat qiladigan hamkorlikning yangi qirralarini ro'yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Anvar Boboev, O'zA