"O'zkimyosanoat" AJ

«Bu xolis fikr emas». «O'zkimyosanoat» o'z faoliyati to'g'risida tarqalgan xabarga munosabat bildirdi

// 05 November 2019 yil
https://special.uzkimyosanoat.uz/oz/press/about-us/kunuz-ammofos

«O'zkimyosanoat» AJ matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqda tarqalgan, mahalliy ammofos tarkibida fosfor miqdori belgilanganidek 46 foiz emas, 6 foizligi iddao qilingan xabar yuzasidan munosabat bildirdi.

«Ijtimoiy tarmoqdagi kanallarning birida «O'zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati faoliyatiga daxldor masala yuzasidan xabar e'lon qilindi. Shu munosabat bilan «O'zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati quyidagilarni ma'lum qiladi:

Avvalo xabarda bir qancha noaniqliklar mavjud ekanligini, muallif ta'kidlagan mahalliy ishlab chiqaruvchi haqida hech qanday ma'lumot yo'q ekanligini ta'kidlab o'tish joiz. Shunga qaramay, xabar so'ngida keltirilgan «Afsuski, «O'zkimyosanoat» mutasaddilari bilan bog'lanishning ham, fikrlarini olishning ham imkoni bo'lmadi» jumlasi sabab ushbu vaziyat jamiyatimiz tomonidan atroflicha o'rganildi.

«O'zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati tizimidagi «Ammofos-Maksam» AJ ammafos ishlab chiqaruvchi va uni iste'molchilarga yetkazib beruvchi yagona korxona hisoblanadi. «Navoiyazot» AJ, «Farg'onaazot» AJ, «Elektroximzavod» AJ va sobiq «Qo'qon superfosfat zavodi» AJlarida oddiy superfosfat ishlab chiqariladi.

«Ammofos-Maksam» AJ tomonidan 2019 yilning yanvar oyidan boshlab hozirgi kunga qadar jami 97 959 tonna fizik holda, 44 829 tonna sof holda ammofos ishlab chiqarildi. Korxona ammofos mahsulotini Ts 00203074-9-2018 talablari asosida ishlab chiqaradi. Ammofos tarkibidagi fosfor oksidi miqdori 46±1 foiz, azot miqdori esa 11±1 foizni tashkil etadi.

2019 yilning yanvar-oktabr oylarida Birja savdolari orqali 75 262 tonna fizik holda ammofos qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga yetkazib berilgan bo'lsa, 7 528 tonna fizik holda ammofos eksport qilindi.

Korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati doimiy ravishda, texnik nazorat bo'limi va akkreditatsiyalangan ilmiy tadqiqot kimyo-texnologiyasi laboratoriyasi tomonidan nazorat qilib boriladi.

Ijtimoiy tarmoqdagi xabarda havola qilingan, tarkibida 6 foiz fosfori bo'lgan ammofos o'g'iti korxona tomonidan hech qachon ishlab chiqarilmaganligi, ishlab chiqarilayotgan va qishloq xo'jaligiga ortilayotgan har bir mineral o'g'it sifati qattiq nazorat ostida ekanligini alohida ta'kidlab o'tish lozim.

Quyidagi javdalda «Ammofos-Maksam» AJda ishlab chiqarilayotgan ammofos hamda Qozog'iston Respublikasida ishlab chiqarilayotgan ammofos tarkibi to'g'risidagi ma'lumotlar keltirilgan:

Ko'rsatkich nomi “Ammofos-Maksam” AJ da ishlab chiqarilayotgan ammofos Qozog'iston Respublikasida  ishlab chiqarilayotgan ammofos
O'zlashtiriladigan fosfatlar massa ulushi, % 46±1 46±1
Suvda eruvchan fosfatlarning massa ulushi, % 42,3 33,9
Al2O3 va Fe2O3larning massa ulushi, % 1,2 3,8
F ning massa ulushi, % dan ko'p bo'lmagan 1,4 2,8
MgO ning massa ulushi, % dan ko'p bo'lmagan 0,4 1,9

2019 yilda korxona faoliyati davomida mahalliy qishloq xo'jaligi mahsuloti yetishtiruvchilari hamda xorijiy hamkorlar (mijozlar) tomonidan ishlab chiqarayotgan mahsulotlar sifati bo'yicha da'vo va e'tirozlar kelib tushmagan.

Yuqoridagilarni inobatga olib, xabarda keltirilgan hamda tekshirilmagan ba'zi ma'lumotlarga oydinlik kiritishni lozim deb hisoblaymiz. Ya'ni xabarda «Afsuski, «O'zkimyosanoat» mutasaddilari bilan bog'lanishni ham, fikrlarini olishni ham imkoni bo'lmadi» deb ta'kidlangan. O'rganish natijasida «Ammofos-Maksam» AJga yoki «O'zkimyosanoat» AJga bu masala yuzasidan hech qanday yozma va og'zaki murojaat bo'lmagan. Shu o'rinda ta'kidlab o'tish joizki, «O'zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati tizimida «Ishonch telefoni» xizmati yo'lga qo'yilgan bo'lib, tashkilot o'zining rasmiy veb-saytiga, feysbukda o'zining rasmiy sahifasiga hamda telegramda esa o'z rasmiy kanaliga ega.

Yuqorida sanab o'tilgan birorta vosita orqali fermerdan, jismoniy va yuridik shaxslardan xabarda keltirilgan masala yuzasidan hech qanday murojaat bo'lmagan. Shuningdek, ammofos tarkibidagi fosfor miqdori 6 foiz ekanligini tasdiqlovchi ikkita joyda o'tkazilgan laboratoriya tekshiruvi natijalari mavjudligi ta'kidlangan, lekin havola etilmagan. Bundan ko'rinib turibdiki, asoslanmagan va tekshirilmagan fikr xolis fikr bo'la olmaydi.

Buni tasdiqlash uchun respublika bo'ylab sentabr va oktabr oylarida barcha viloyat tumanlariga ortilgan 50 000 tonnadan ortiq (fizik holda) ammofosni xolis laboratoriyalar va fermerlarni jalb qilgan holda tekshirishga «O'zkimyosanoat» AJ tayyor ekanligini bildirib o'tmoqchimiz.

Xulosa o'rnida aytish mumkinki, O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq, asoslanmagan ma'lumotlarni tarqatish hamda ushbu ma'lumot orqali shaxs yoki tashkilotning sha'ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro'siga putur yetkazganlik uchun javobgarlikka tortilishi belgilangan», deyiladi «O'zkimyosanoat» AJ matbuot xizmati xabarida.

«O'zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati ishonch telefoni: (78) 140-74-14

Manba: Kun.uz