"O'zkimyosanoat" AJ

Millatning ruhini ko'targuchisan..

https://special.uzkimyosanoat.uz/oz/manaviyat/tilimiz-boyligimiz/millatni-ruhini-kutarguchisan

Ona tilini bemehnat sevib bo'lmaydi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktyabrdagi “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga binoan ona tilimizning istiqboldagi taraqqiyotiga oid koʻplab masalalar oʻz yechimini topmoqda.

Shu ezgu gʻoyaga muvofiq amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi oʻrni va nufuzi tobora oshib bormoqda. Zero, til har bir millatning eng qadrli boyligi, uning maʼnaviy qiyofasi, madaniyati, ichki dunyosini aks ettiruvchi muhim vositadir.

Buyuk bobokalonimiz Abdulla Avloniy “Turkiy guliston yoxud axloq” asarining “Hifzi lison” bobida: “Bobolarimizga yetushgʻon va yaragan muqaddas til va adabiyot bizga hech kamlik qilmas. Oʻz uyimizni qidirsak va axtarsak yoʻqolganlarini ham toparmiz. “Yoqolsa yoqolsun, oʻzi boshimga tor edi”, - deb Yovrupo qalpogʻini kiyub, kulgi boʻlmak zoʻr ayb va uyatdur”, - deydilar. Ona tiliga boʻlgan mehrini yashirolmagan bobomiz toʻlqinlanib yana davom etadi:

Ey ona til, aziz qadrdonim,

Iltifoti ruhim, Rahmonim.

Tugʻdigʻim kundan aylading ulfat,

Oʻlguncha ayilma, ey jonim.

Menga ilm-u adab san oʻrgatding,

Chin aadib, muallim, shonim,

Millatning ruhini koʻtarguchisan,

Ey muqaddas karamli sultonim.

Ona tilimizni asrab-avaylash, uni har tomonlama rivojlantirish, til siyosatining eng quyi boʻgʻinlargacha yetib borishini taʼminlash maqsadida vazirlik, idora hamda xoʻjalik birlashmalarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha rahbar oʻrinbosariga tenglashtirilgan maslahatchi lavozimi joriy etildi.

Otashqalb shoirimiz Usmon Nosir aytadi:

Simirdim, yashnayman tilsin dilimni,

Bemehnat sevmayman tirik tilimni.

Darhaqiqat, ona tilimizni bemehnat sevib boʻlmaydi. Chunki u shoir aytganidek, tirik! Unga doimiy ravishda gʻamxoʻrlik qilish, uni qayta-qayta sayqallab borish zarur. Vazirlar Mahkamasining “Mamlakatda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 20-yanvardagi 34-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini samarali taʼminlash maqsadida “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi 7 ta korxonada: “Navoiyzot” AJ, “Fargʻonaazot” AJ, “Maksam-Chirchiq” AJ, “Ammofos-Maksam” AJ, “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ, “Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJ va “Qizilqum fosforit kompleksi” masʼuliyati cheklangan jamiyatlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha boshqaruv raisi maslahatchisi lavozimi joriy etildi va ushbu lavozimga tanlov asosida saralangan xodimlar tayinlandi.

Ushbu boshqaruv raisi maslahatchilari korxonalarda davlat tilini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilishi belgilangan tadbirlar rejasiga koʻra faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, tarmoq tashkilotlari maslahatchilari korxonalari rahbarlarining, koʻp ming sonli ishchi-xodimlarning davlat tili boʻyicha malakasini oshirish, ish yurituvidagi barcha hujjatlarning lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida boʻlishni taʼminlash ishlarida jonbozlik koʻrsatmoqda.

Bugungi kunda yana uchta tarmoq korxona: “Qoʻngʻirot soda zavodi” masʼuliyati cheklangan jamiyati qoʻshma korxonasi, “Oʻzkimyoimpeks” masʼuliyati cheklangan jamiyati, “Oʻzkimyosanoatloyiha” aksiyadorlik jamiyatida nomzodlarni tanlov asosida saralash ishlari olib borilmoqda. Ushbu korxonalarning rasmiy veb-saytlariga nomzodlar zarurligi toʻgʻrisida eʼlonlar joylashtirilgan. Ushbu lavozimlarni ochishdan maqsad belgilangan vazifalarning ijrosini quyi boʻgʻinlarda ham samarali taʼminlashdan iborat. Koʻzlagan asosiy maqsadimiz: korxonalarda turli millat vakillari ahil-inoq, bir oila kabi mehnat qilishini hisobga olib, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini toʻliq taʼminlashdir.

Shuningdek, markaziy apparatda hamda tarmoq korxonalarida barcha meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qayta koʻrib chiqilib, ularni davlat tiliga tarjima qilish ishlari amalga oshirildi. “Oʻzkimyosanoat” AJ ijro apparatida joriy yilning oʻtgan davri mobaynida rasmiylashtirilgan xat-hujjatlar tahlil qilindi. Vazirliklar, idoralar va tashkilotlarga yuborilgan chiqish xatlari, tarmoq korxonalariga yuborilgan xabarnoma va topshiriq xatlari, asosiy faoliyatga oid, ichki xizmat safariga, xorijiy davlatlarga xizmat safariga oid buyruqlar davlat tilida rasmiylashtirildi.

Shu bilan birgalikda, xizmat xatlari, oʻtkazilgan yigʻilish bayonnomalari, boshqaruv raisining farmoyishlari davlat tilida yozilishi taʼminlandi. Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 11-sentyabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga davlat tilida javob xati yuborildi.

Davlat tilida ish yuritish sifatini oshirish maqsadida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazida “Oʻzkimyosanoat” AJ markaziy apparatida va tarmoq korxonalarida 2022-yil uchun tasdiqlangan rejaga asosan malaka oshirish ishlari davom ettirilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida eʼlon qilingan loyihalar tanlovining 44 turida filologiya, pedagogika va psixologiya fanlari yoʻnalishi boʻyicha “Kimyo atamalarining izohli lugʻatini yaratish” mavzusida bajarilishi bir yilga moʻljallangan amaliy loyihalar tanlovi doirasida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazining tilshunos olimlari, “Oʻzkimyosanoat” AJ xodimlari va kimyo sohasi mutaxassislardan iborat ilmiy jamoa tomonidan amaliy loyiha tayyorlandi. Mazkur loyiha natijalari kimyo sanoatiga oid atamalarni davlat tilida yagona shaklda qoʻllash, soha uchun qoʻllanmalar, texnik reglament, kasb standartlari, yoʻriqnoma va boshqa ilmiy-texnik hujjatlarni davlat tilida sifatli ishlab chiqilishiga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, har bir tashkilot va idora, har bir tizimda davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga hurmat bilan qaralsa, oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va obroʻsi kundan kunga yuksalib boraveradi. Bu yoʻlda bor kuch-gʻayratimiz hamda bilimimizni sarflashga tayyormiz.

Sanobar Abduraxmanova,

“Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi maslahatchisi