"O'zkimyosanoat" AJ

Bugun Mahmudxo‘ja Bebudiy tavallud topgan kun. Ulug‘ jadid 1875-yil 19-yanvarda dunyoga kelgan

https://special.uzkimyosanoat.uz/oz/manaviyat/ajdodlarga-ehtirom/mahmudxoja-behbudiy-tavallud-topgan-kun

Mahmudxoʻja Behbudiy XX asr boʻsagʻasida Turkiston ijtimoiy-siyosiy harakatchiligining eng yirik namoyandasi, yangi davr oʻzbek madaniyatining asoschisidir. Turkiston jadidlarining tan olingan rahnamosi, mustaqil jumhuriyat gʻoyasining yalovbardori, yangi maktab gʻoyasining nazariyotchisi va amaliyotchisi, oʻzbek dramaturgiyasini boshlab bergan birinchi dramaturg, teatrchi, noshir, jurnalist. U tariximizning gʻoyat ogʻir va murakkab bir davrida yashadi. XVI asrdan boshlangan inqiroz va turgʻunlik, oʻzaro janjal, mahalliy urugʻchilik nizolari millatni holdan toydirgan, imkondan foydalanib oʻlkani zabt etgan Rusiya zoʻr berib, uni turgʻun va tutqun saqlashga urinardi. Mana shunday bir sharoitda Vatanni butunlay yoʻq boʻlish xavfidan saqlab qolish, avlodlarni erk va ozodlik, mustaqillik ruhida tarbiyalash, maʼrifat va taraqqiyotta boshlash jadidlar nomi bilan tarixga kirgan Behbudiy boshliq fidoyilar zimmasiga tushdi.

Turkistonda “Usuli jadid”, “Usuli savtiya” nomlari bilan shuhrat topgan yangi maktabni shular tashkil qilib, shular birinchi boʻlib zamonaviy maktab gʻoyasini ilgari surdilar. Ular oʻz hisoblaridan maktablar ochib, yosh avlodni istiklolga tayyorladilar, sheʼr va maqolalar, sahna asarlari orqali milliy ongni shakllantirishga, milliy gʻurur va iftixor tuygʻularini singdirishga urindilar. Rusiya qonunlari imkon bergan darajada Turkiston musulmonlarining shaʼnu shavkatini himoya qildilar, inqilob yillarida esa mustaqillik bayrogʻini baland koʻtardilar.

Mahmudxoʻja Behbudiy mana shu Turkiston jadidchilik harakatining asoschisi, boshlab beruvchisi edi. U 1875-yilning 19-yanvarida Samarqand yaqinidagi Baxshitepa qishlogʻida, ruhoniy oilasida dunyoga kelgan.