"O'zkimyosanoat" AJ

Alisher Navoiy ilm va ma’rifat haqida

https://special.uzkimyosanoat.uz/oz/manaviyat/ajdodlarga-ehtirom/alisher-navoiy-ilm-va-marifar-haqida

Oʻzbek xalqining ulugʻ mutafakkiri, maʼrifatparvari va buyuk shoiri Alisher Navoiy yoshlarni tarbiyalash ishiga alohida eʼtibor berdi. U bolalarni ilm-hunarni, mehnatni sevishga undab, oʻrganilgan ilm va hunarni xalq, vatan yoʻlida sarf qilish zarurligini uqtirdi.

Alisher Navoiy ilm, maʼrifat haqida ajoyib fikrlarni olgʻa surdi. U aql, ilm insonning eng goʻzal va zaruriy fazilatlaridan biri, har bir kishining eng muhim burchi ilm olishdir, deb hisobladi. Navoiyning fikricha, ilm-fanni egallash uchun yoshlikdan boshlab astoydil oʻqish-oʻrganish kerak: “Yoshligingda yigʻgil bilimni, qarigach sarf qilgʻil ani”, degan shoirning oʻzi ham juda yoshligidan taʼlim oladi, oʻqishga beriladi. U yoshligidanoq koʻp sheʼrlarni yod bilgan. Jumladan, Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” (“Qush nutqi”) asarini bolalik chogʻlaridayoq qayta-qayta oʻqib, yod olgan. Alisher Navoiy keyinchalik maktab va maorif masalalariga katta ahamiyat berdi. U mehnatkash xalq bolalarini oʻqitish va tarbiyalash uchun maktablar ochish va madrasalar qurish toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qildi. Alisher Navoiy Astrobodda surgunda yurganida podsho Husayn Boyqaroga yozgan xatida oʻgʻil va qiz bolalar uchun maktablar ochishni talab qilgani, shaxsan oʻzi madrasalar qurishda tashabbus koʻrsatgani buning yaqqol dalilidir. Navoiyning fikricha, maktab xalqqa nur keltiradi, unga toʻgʻri yoʻl koʻrsatadi, bolalarni bilimli qiladi. U oʻzining “Ixlosiya” madrasasi yonida maktab ochib, bolalarni oʻqitish va tarbiyalash uchun zarur sharoit yaratib, buning uchun lozim boʻlgan mablagʻ ajratadi. Navoiy dars beruvchini quyoshga oʻxshatadi va bu quyosh oʻz atrofidagi yulduzlarga nur sochadi, yaʼni hali ilmdan bexabar boʻlgan toliblarga ilm nurini sochadi, maʼrifat beradi, deydi.

Alisher Navoiy taʼlim-tarbiya toʻgʻrisidagi fikrlarini koʻproq barkamol insonni ifodalovchi ijobiy obrazlar yaratish orqali bayon qiladi. Ilm-maʼrifat, axloq-odob masalalariga doir fikrlarini esa ilmiy-falsafiy va didaktik asarlarida bayon qiladi. Navoiy aql kuchiga cheksiz ishonadi, komil ishonch bilan ilm-fanning fazilati juda katta, deb hisoblaydi.

Buyuk soʻz sanʼatkori va mutafakkiri oʻzining bir qancha asarlarida bolalar tarbiyasiga oid fikrlarini aytish bilangina kifoyalanib qolmasdan, balki “Hayrat ul-abror”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun” kabi dostonlarining ayrim boblarini shu masalaga bagʻishlaydi. “Hayrat ul-abror” (Yaxshi kishilarning hayratlanishi) falsafiy-taʼlimiy dostondir. Navoiy bu asarida oʻzining falsafiy, ijtimoiy-siyosiy hamda kishilarga taʼlim va oʻgit berish masalalariga katta eʼtibor beradi. Dostonda zolim hukmdorlarni qoralab, ikkiyuzlamachi, riyokor ruhoniylarning sir-asrorlarini keskin fosh etadi. Xususan, shoir saxiylik, odob va kamtarinlik, ota-onaga hurmat, rostgoʻylik va toʻgʻrilik, ilmning foydasi va kambagʻal oʻquvchilarning bu yoʻlda chekkan azoblari haqida batafsil toʻxtalib oʻtadi.

“Hayrat ul-abror” asarining bir necha boblari odob-axloq va taʼlim-tarbiya masalasiga bagʻishlangan. Navoiy bu dostonning oltinchi maqolotida odob va kamtarlikni ulugʻlab, taʼlim-tarbiyaga doir qimmatli fikr-mulohazalarini bayon qilish bilan birga, takabbur va odobsiz kishilarni qattiq qoralaydi. Shoir dostonning bu maqolotida bola tarbiyasi, uni oʻstirish, oʻqitish va balogʻatga yetkazish hamda bu borada ota-onalarning vazifalari haqida batafsil fikr yuritadi. Shoir yoshlarni ota-onaning xizmatini bajarishga, ularni hurmat qilishga, ularga nisbatan hamisha mehr-muhabbatli boʻlishga chaqiradi, ota-onani oy va quyosh deb taʼriflaydi:

Boshni fido ayla ato qoshigʻa,

Jismni qil sadqa ano boshigʻa…

Tun-kunungga aylagali nurposh,

Birisin oy angla, birisin quyosh…