"O'zkimyosanoat" AJ

“Oʻzkimyosanoat” AJning korrupsiya faktlariga doir murojaatlarni koʻrib chiqish natijalari haqidagi 2024-yil hisoboti

https://special.uzkimyosanoat.uz/oz/anticorruption/report/report-2024

2024-yil davomida “Oʻzkimyosanoat” AJga jami 394 ta  (2023-yilda 510 ta) ariza va shikoyatlar kelib tushgan. Viloyatlar kesimida tahlil qilinganida, Qoraqalpogʻiston Respublikasidan 10 ta, Buxoro viloyatidan 2 ta, Jizzax viloyatidan 3 ta, Qashqadaryo viloyatidan 86 ta, Navoiy viloyatidan 124 ta, Namangan viloyatidan 2 ta, Samarqand viloyatidan 9 ta, Surxandaryo viloyatidan 2 ta, Toshkent viloyatidan 108 ta, Fargʻona viloyatidan 6 ta, Andijon viloyatidan 1 ta, Xorazm viloyatidan 1 ta, Toshkent shahridan 31 ta, boshqa hududlardan 9 ta ariza va shikoyatlar kelib tushgan boʻlib, ulardan 64 tasi korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar va qonunbuzilish holatlari haqidagi murojaatlardir.

Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqidagi arizalar tahlili shuni koʻrsatdiki, ularning 21 tasi aloqa kanallari orqali, 18 yozma ravishda, 25 tasi jamiyatning pochta manzili orqali kelib tushgan.

Murojaatlar hududlar kesimida tahlil qilinganda 12 tasi Qashqadaryo viloyati, 22 tasi Navoiy viloyati, 30 tasi Toshkent shahrida yashaydigan fuqarolardan kelib tushganligi maʼlum boʻldi.

Barcha murojaatlar tegishliligi boʻyicha “Oʻzkimyosanoat” AJ Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens boshqarmasi hamda tizim korxonalari Komplayens xizmati xodimlari bilan hamkorlikda oʻrganib chiqilgan.

Aloqa kanallari orqali kelib tushgan murojaatlarni oʻrganishlar natijasida 5 ta holatda toʻplangan hujjatlar holatlarga huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yuborilgan, 2 ta murojaatda manfaatlar toʻqnashuvi holatlari mavjudligi oʻz tasdigʻini topganligi munosabati bilan faoliyat yuritayotgan xodimlar bilan mehnat shartnomalarini bekor qilish choralari koʻrilgan va 14 ta holatda  mansabdor shaxslarga nisbatan intizomiy jazo choralari qoʻllanilgan.

Misol uchun, fuqaro M.Sh. ning arizasi asosida “Navoiyazot” AJ mansabdor shaxsi J.Sh. oʻz mansab vakolatidan foydalanib u tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida rasmiylashtirilgan dalolatnomalarni korxona xodimlariga bosim oʻtkazish orqali oʻz manfaatlari yoʻlida qalbakilashtirganligi holati yuzasidan xizmat tekshiruvi oʻtkazilib, toʻplangan hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi idoralarga yuborilgan.

Shuningdek, fuqaro M.M. va M.S. larning murojaati asosida “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ Kadrlar boʻlimi boshligʻi U.N. ga nisbatan uning manfaatlar toʻqnashuvi holatini sodir eganligi, oʻz faoliyatida xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyib kelganligi yuzasidan xizmat tekshiruvi oʻtkazilib, xizmat tekshiruvi natijasi boʻyicha unga nisbatan “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qoʻllanildi.

Bundan tashqari, aloqa kanallari orqali kelib tushgan maʼlumotlar asosida joriy yilning may oyida “Navoiyazot” AJga tegishli 45-sonli vakolatli ijara omboridagi mavjud mineral oʻgʻitlar qoldigʻi sanoqdan oʻtkazilib ichki hisobotlar taqqoslanganda jami 1,5 tonna (5,2  mlrd soʻmlik) mineral oʻgʻitlar kamomadi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirildi. Koʻrilgan choralar natijasida ushbu vakolatli ijara ombori tomonidan jamiyat manfaatlariga yetkazilishi mumkin boʻlgan moddiy zarar toʻliq miqdorda qoplanilishiga erishildi.

 Yuqorida taʼkidlab oʻtilgan korrupsion va boshqa qonunbuzilish holatlarining kelib chiqish sabab va omillari tahlil qilinib, mavjud korrupsion xavf-xatarlarni minimallashtirish boʻyicha chora-tadbirlarning 2025-yil uchun moʻljallangan rejasi tasdiqlandi. Shuningdek, kelib tushgan murojaatlarni oʻrganish natijasida aniqlangan holatlarning salbiy oqibatlari, korxona va tashkilotlardagi mansabdor shaxslarning javobgarligi masalasini kuchaytirish mavzularida “Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi rahbarligida jamiyat shaxsiy tarkibi va tarmoq korxonalari rahbarlari ishtirokida bir necha marotaba profilaktik suhbat va seminar tadbirlari oʻtkazilgan.

 

M.Asrorov,

Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens boshqarmasi boshligʻi v.v.b.