"O'zkimyosanoat" AJ

Qishloq xoʻjaligini mineral oʻgʻitlar bilan taʼminlash toʻgʻrisida brifing oʻtkazildi

// 24 June 2022 yil
https://special.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/qishloq-xujaligini-mineral-ugitlar-bilan-taminlash-brifing

AOKAda oʻtkazilgan brifingda quyidagilar maʼlum qilindi. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining talabiga muvofiq  2022-yil gʻalla va paxta hosili uchun sof holda 555,9 ming tonna, yaʼni gʻalla hosili uchun 272 ming tn va paxta hosili uchun 283,9 ming tn azotli oʻgʻitlar, 96,1 ming tn fosforli va 50 ming tn kaliyli oʻgʻitlar birja savdolari orqali xarid qilinishi belgilangan. 

Joriy yilning 23-iyun holatiga respublika isteʼmolchilariga  jami (sof holda) 653,3 ming tn mineral oʻgʻitlar birja savdolari orqali yetkazib berildi. Jumladan, 528,2 ming tn azotli, 82 ming tn  fosforli va 43,1 ming tn kaliyli oʻgʻitlar.

Xususan, gʻalla hosili uchun ajratilgan 272 ming tn azotli oʻgʻitlar joriy yilning aprel oyiga qadar toʻliq yetkazib berildi.

Oʻtgan 2021-yilga nisbatan taqqoslaydigan boʻlsak joriy yil gʻalla hosili uchun sof holda 10,0 ming tn koʻp azotli oʻgʻitlar 20 kun oldinroq yetkazib berildi.

Hozirda paxta hosli uchun birja savdolari orqali sof holda 256,2 ming tn (90%) azotli oʻgʻitlar yetkazib berildi va oziqlantirish ishlari davom etmoqda. Joriy yilning 30-iyunigacha paxta hosili uchun ajratilgan azotli oʻgʻitlar toʻliq yetkazib beriladi.

Maʼlumot oʻrnida shuni taʼkidlab oʻtish zarur, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-fevraldagi PQ-3574 sonli qarori bilan qishloq xoʻjaligida bozor munosabatlarini keng joriy etish hamda qishloq xoʻjaligida moliyalashtirish va oʻzaro hisob-kitoblar mexanizmlarini tubdan takomillashtirish, shu asosda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar va ularga xizmat koʻrsatuvchi korxonalarning moliyaviy-iqtisodiy holatini yaxshilash, rentabelligini oshirish maqsadida 2018-yilning 1-martidan boshlab,  qishloq xoʻjaligiga mineral oʻgʻitlarni bozor munosabatlari asosida faqat birja savdolari orqali sotish mexanizmi joriy qilingan.

Shuningdek, hukumatimiz tomonidan qishloq xoʻjaligida olib borilayotgan islohotlar natijasida joriy yilda fermerlarga mineral oʻgʻitlar uchun xarajatlarni 100 foiz qoplaydigan miqdorda imtiyozli kredit mablagʻlari ajratildi.

Natijada kimyo korxonalari tomonidan yetkazib berilayotgan mineral oʻgʻitlar uchun oldindan 100% toʻlovlarni taʼminlab debitor va kreditor qarzdorliklarning oʻsib ketishi oldi olindi.

Shuningdek, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarida mineral oʻgʻitni tanlash, istalgan oʻgʻitni istalgan kimyo korxonasidan xarid qilish va mineral oʻgʻitlarni vositachilik ustamalarisiz kimyo korxonalaridan xarid qilishning imkoniyatiga ega boʻlishdi.

Joriy yilda Yevropa mamlakatlarida tabiiy gaz bilan bogʻliq mavjud muammolar, xalqaro maydondagi vaziyat sababli jahonda mineral oʻgʻitlarning narxlari keskin koʻtarilib ketgan bir paytda hukumatimiz tomonidan respublika qishloq xoʻjaligiga mineral oʻgʻitlarni maqbul narxlarda va oʻz vaqtida yetkazib berish boʻyicha amaliy va tizimli choralar koʻrildi. Shu jumladan kimyo korxonalari tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va  hududlarda 61 ta mineral oʻgʻit saqlaydigan vakolatli omborlar tashkil qilinib, gʻalla hosili uchun 300 ming tonna azotli oʻgʻitlar zaxira qilindi.

Natijada gʻallani mineral oʻgʻitlar bilan oziqlantirish ishlari oʻz vaqtida, bosqichma-bosqich amalga oshirildi. Bunda avvalo, klaster korxonalari tomonidan mineral oʻgʻitlar zaxirasini toʻliq yaratilganligi hamda fermer xoʻjaliklariga mineral oʻgʻitlarni oʻz vaqtida uzluksiz yetkazib berishga alohida eʼtibor qaratildi. Muhim agrotexnik tadbirlarning olib borilishi, mineral oʻgʻitlar samaradorligini 6-8 barobarga oshirish imkonini berdi.

Hozirda gʻoʻza maydonlarini oziqlantirish ishlari yakuniy pallaga kelgan boʻlib, kimyo korxonalari tomonidan respublika hududlariga bir kunda oʻrtacha 130-135 vagon, yaʼni 10,0-11,0 ming tn azotli oʻgʻitlar ortib berilmoqda.

Gʻoʻza maydonlarini agrotexnik muddatlarda azotli oʻgʻitlar bilan oziqlantirish uchun yetarli miqdorda mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish quvvatlari va zaxirasi mavjud.

 

«Oʻzkimyosanoat» AJ Matbuot xizmati