Размер текста:
A
A
A
Масштаб:

Oddiy ko'rinish

O'zbekiston – Tojikiston: Savdo-iqtisodiy hamkorlikda yangi bosqich boshlanmoqda

// 12 March 2018 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (47.31 KB)

Keyingi 1-2 yil davomida O'zbekiston – Tojikiston munosabatlarida chuqur o'zgarishlar yuz berdi. Ikki tomonlama aloqalar siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, ijtimoiy-madaniy sohalarda izchil rivojlanib bormoqda. Toshkent va Dushanbe o'rtasida aviaqatnov tiklandi, savdo-iqtisodiy hamkorlik bo'yicha hukumatlararo komissiyaning majlislari o'tkazildi, davlatlararo chegaralarni delimitatsiya qilish bo'yicha uchrashuvlar bo'lib o'tdi.

Savdo-iqtisodiy munosabatlarni yaxshilash maqsadida 2017 yil aprel oyida Dushanbeda ilk marta O'zbekiston milliy mahsulotlari ko'rgazmasi o'tkazildi. Unda 160 dan ortiq kompaniya va 400 dan ziyod tadbirkor 1,5 mingdan ko'proq turdagi mahsulotni, jumladan, elektrotexnika, farmatsevtika, attorlik, charm-poyabzal, kimyo, oziq-ovqat, to'qimachilik sanoati va boshqa tarmoqlardagi ilg'or yangiliklarni, qishloq xo'jaligi texnikasi, yengil va yuk avtomobillari, avtobuslar, qurilish materiallari, liftlar, maishiy texnika, mebel jihozlari va boshqa mahsulotlarni namoyish qildi.

"4 kun davom etgan ko'rgazma va ikki mamlakat tadbirkorlari ishtirokidagi biznes-forum yakunida 20 ga yaqin hujjat imzolandi. Ko'rgazma dushanbeliklarda jo'shqin hissiyotlar uyg'otdi, u ko'pchilik uchun "haqiqiy syurpriz" bo'ldi, deb yozdi Tojikiston matbuoti. Odamlar o'zbek mahsulotlarining sifatidan hayratga tushdi, qo'shnilarining mustaqillik yillarida qo'lga kiritgan yutuqlaridan xursand bo'ldi".

Javob tarzidagi ko'rgazma Toshkentda 2017 yil oktabr oyida bo'lib o'tdi. Unda Tojikistonning neft-gaz, qurilish, transport, foydali qazilmalar, agrosanoat, farmakologiya, yengil sanoat, qayta ishlash sohalari, sog'liqni saqlash, ta'lim, fan-texnika, turizm kabi tarmoqlarida faoliyat ko'rsatayotgan 150 dan ziyod kompaniyasi vakillari, tadbirkorlar qatnashdi.

Ushbu ko'rgazma va biznes-forumlarning o'tkazilishi tojikistonlik sheriklar bilan mahalliy mahsulotlarni xorijiy bozorlarga birgalikda yetkazish bo'yicha hamkorlikni rivojlantirishga keng yo'l ochdi. Bugungi kungacha Toshkent va Dushanbe shaharlarida tashkil etilgan ko'rgazmalar doirasida umumiy qiymati 100 million dollardan ortiq bo'lgan savdo shartnomalari imzolandi.

Bu mamlakatlarimiz o'rtasidagi o'zaro tovar aylanmasi hajmini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ikki davlat rahbarlari tomonidan mamlakatlarimiz o'rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga ko'tarish yuzasidan ko'rilayotgan muayyan chora-tadbirlar natijasida bu ko'rsatkich izchil o'smoqda. Ma'lumotlarga ko'ra, 2017 yilda mamlakatlarimiz o'rtasidagi tovar aylanmasi 236,8 million dollarni tashkil etgan, bu 2016 yilgi ko'rsatkichdan 20,2 foiz ko'pdir.

O'zbekistondan Tojikistonga asosan transport xizmatlari, mineral o'g'itlar va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilmoqda. Yurtimizda tojikistonlik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan 24 korxona, Tojikistonda esa mamlakatimiz tadbirkorlari bilan birgalikda tuzilgan 9 korxona faoliyat ko'rsatmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti  Shavkat Mirziyoevning Tojikistonga  davlat tashrifi doirasida Dushanbeda “O'zbekistonda ishlab chiqarilgan” brendi ostida milliy mahsulotlar ko'rgazmasi o'tkazildi.  Ikki davlat rahbarlari va delegatsiya a'zolari ko'rgazmada namoyishga qo'yilgan mahsulotlar bilan tanishdi. Ko'rgazmada avtomobilsozlik, qishloq xo'jaligi, oziq-ovqat, farmatsevtika, kimyo, neft-gaz, metallurgiya, elektrotexnika, yengil sanoat mahsulotlari, shuningdek, qurilish ashyolari hamda hunarmandlik namunalari keng namoyish etilmoqda.

Davlatimiz rahbari Tojikiston Prezidentini yurtimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilan yaqindan tanishtirish barobarida, o'zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash lozimligini ta'kidladi.

O'z navbatida, Tojikiston Prezidenti mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatiga yuqori baho berdi, turlari ko'pligini ta'kidladi. Qo'shma korxonalar tashkil etish taklifini bildirdi.

Manba: O'zA