Размер текста:
A
A
A
Масштаб:

Oddiy ko'rinish

Kimyoviy vositalar o'zimizda ishlab chiqarilmoqda

// 31 October 2017 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (32.65 KB)

Agrofos-D, entolikur, dalate, entolucho. Yana davom ettirish mumkin bo'lgan bu ro'yxatda o'simliklarni zararkunanda va kasalliklardan himoya qiluvchi zamonaviy kimyoviy vositalarning nomlari keltirilgan.

Tez orada mamlakatimiz bog'bonu dehqonlariga o'zimizda ishlab chiqariladigan shu kabi preparatlar taklif etila boshlanadi. Zero, ilgari mahalliy kimyo sanoatimizda bu kabi vositalar ishlab chiqarilmas, 2003 yildan buyon Namangan viloyatidagi “Ifoda agro kimyo himoya” mas'uliyati cheklangan jamiyati qishloq xo'jaligi korxonalarini bunday mahsulotlar bilan xorijiy kompaniyalarning distribyutori sifatida chetdan keltirib ta'minlar edi.

Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyati, xususan, import o'rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni qo'llab-quvvatlash, kimyo sanoatini rivojlantirish yo'lida yaratilayotgan keng imkoniyat va imtiyozlar o'z samarasini bermoqda.

Buni Namangan viloyatidagi “Ifoda agro kimyo himoya” mas'uliyati cheklangan jamiyati faoliyati misolida ham ko'rish mumkin. Korxona tomonidan "2016-2019 yillarda Namangan viloyati sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturi"ga kiritilgan loyiha asosida o'simliklarni himoya qiluvchi kimyoviy vositalar ishlab chiqaruvchi zavodni barpo etishga kirishildi.

Loyihaga ko'ra, 2016-2018 yillarda pestitsidlar, ya'ni o'simliklarni himoya qiluvchi kimyoviy vositalar ishlab chiqarish to'liq yo'lga qo'yiladi. Birinchi bosqichda joriy yil yakunigacha qishloq xo'jaligi ekinlaridagi zang va boshqa kasalliklar, jumladan, shira, trips, xasva, kandala, tut parvonasi, fitonomus, chigirtka, bargo'rar qurt kabi zararkunanda hasharotlar, begona o'tlarga qarshi fungitsid, emulsiya kontsentratli mahsulotlar, gerbitsid kabi 18 turdagi kimyoviy preparat ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Zavodni qurish uchun Chust tumani hududidan ajratilgan 2 gektar maydonda katta hajmdagi qurilish-montaj ishlari amalga oshirildi. Mahsulotlarni qadoqlash va formulyatsiya sexlari, xomashyo va tayyor mahsulotlar saqlash omborlari va boshqa ma'muriy xo'jalik binolari qurilib, zamonaviy texnologik uskuna va jihozlar bilan ta'minlandi. Umumiy qiymati 6,5 million dollar bo'lgan loyihaning birinchi bosqichida ko'zda tutilgan ishlarni amalga oshirish uchun jamiyat sarmoyasi va bank krediti hisobidan 2 million dollar mablag' yo'naltirilib, yiliga 800-1000 tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvati hamda 30 ish o'rni yaratildi.

O'zA